Yevropada Quyosh tutilishidan keyin ko‘z og‘rig‘i bo‘yicha qidiruvlar keskin oshdi

Buyuk Britaniyada Quyosh tutilishidan keyin «ko‘zim og‘riyapti» mazmunidagi Google qidiruvlari 1 500 foizga oshdi. Mirror nashriga ko‘ra, ayrim foydalanuvchilar ko‘rish xiralashgani va bosh og‘rig‘idan shikoyat qilgan.
Google qidiruv tendensiyalariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada «my eyes hurt» – «ko‘zim og‘riyapti» so‘rovi avvalgi kunga nisbatan 1 500 foizga oshgan. To‘liq Quyosh tutilishi kuzatilgan Ispaniyada esa shunga o‘xshash ispancha so‘rovlar 5 000 foizga ko‘paygan.
Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar Quyoshga qisqa muddat tikilgandan keyin ko‘z og‘rig‘i, bosh og‘rig‘i va ko‘rishning xiralashgani haqida yozgan.
Quyoshga tikilish ko‘z to‘r pardasiga zarar yetkazishi mumkin
Moorfields Eye Hospital oftalmologi Aleks Ionidesning tushuntirishicha, qisman Quyosh tutilishi vaqtida ham Quyoshga to‘g‘ridan to‘g‘ri qarash xavfsiz emas.
Kuchli yorug‘lik va ultrabinafsha nurlar ko‘zning yorug‘likni qabul qiluvchi to‘r pardasidagi hujayralarga zarar yetkazishi mumkin. Bu holat solar retinopatiya deb ataladi.
Mutaxassisning aytishicha, zarar juda qisqa vaqt ichida ham yuzaga kelishi mumkin. Bunda odam dastlab og‘riq sezmasligi, alomatlar esa bir necha soatdan keyin paydo bo‘lishi mumkin.
Qaysi alomatlarga e’tibor berish kerak
Quyoshga to‘g‘ridan to‘g‘ri qaragandan keyin ko‘zda og‘riq yoki qizarish, ko‘rishning xiralashishi yoki buzilishi, ko‘z oldida yangi qora dog‘lar paydo bo‘lishi va ko‘rish qobiliyatining to‘satdan o‘zgarishi kuzatilsa, shifokorga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Solar retinopatiyada ranglarni ajratish qobiliyati pasayishi, o‘qishda qiyinchilik va ko‘rish markazida qoramtir nuqta paydo bo‘lishi ham mumkin.
Ayrim hollarda ko‘rish vaqt o‘tishi bilan tiklanadi, biroq ko‘z to‘r pardasi jiddiy zararlansa, doimiy ko‘rish yo‘qolishi ham mumkin.
Maxsus ko‘zoynakdan foydalangandan keyingi og‘riq har doim xavf belgisi emas
Ba’zi odamlar Quyosh tutilishini maxsus himoya ko‘zoynaklari orqali kuzatganidan keyin ham ko‘z charchashi yoki bosh og‘rig‘ini sezgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sertifikatlangan himoya ko‘zoynagidan to‘g‘ri foydalanilgan bo‘lsa, bunday holat ko‘z to‘r pardasi shikastlanganini anglatmasligi mumkin. Bu uzoq vaqt ekranga qaragandagi ko‘z zo‘riqishiga o‘xshash bo‘lib, odatda bir necha soat ichida o‘tib ketadi.
1999-yilda Buyuk Britaniyada to‘liq Quyosh tutilishi kuzatilganida Moorfields Eye Hospital maxsus telefon liniyasiga 1600 ta murojaat kelib tushgan, 220 kishi esa Quyosh tutilishi bilan bog‘liq ko‘z muammolari gumoni bilan shoshilinch tibbiy yordamga murojaat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 12-avgust kuni Yevropaning ayrim hududlari noyob astronomik hodisalarga guvoh bo‘lgandi. BBCga ko‘ra, avval Oy Quyosh yuzini to‘sib, ayrim joylarda to‘liq Quyosh tutilishini yuzaga keltirdi. Oradan bir necha soat o‘tib esa tungi osmonda Perseidlar meteor yomg‘iri eng faol bosqichiga chiqdi.