Bedarak yo‘qolgan mushuk 10 yildan keyin uyga qaytdi

eʼlon qilindi
Uning oilasi chip orqali topilgan
Foto: BBC

Buyuk Britaniyaning Uels hududida 10 yil avval yo‘qolib qolgan mushuk egasining 30 yoshga to‘lgan kunida topilib, oilasiga qaytarildi. Charli ismli mushuk 13 yoshda bo‘lib, 2016-yilda, uch yoshida bedarak yo‘qolgandi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Charlining egalari – opa-singil Lyusi va Xanna Robertsonlar o‘sha paytda Uelsning Kaerfilli grafligidagi Nyu-Brij shahridan Aberkarn shahriga ko‘chib o‘tgan. Bu ikki aholi punkti bir-biridan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan. Ko‘chib o‘tganidan atigi uch kun o‘tib, tashqarida sayr qilishga odatlangan Charli uydan chiqib ketgan va qaytib kelmagan.

Oila 10 yil davomida mushukni qidirdi

Charli yo‘qolganidan keyin oila uni bir necha oy davomida izlagan. Ular mahalliy aholidan yordam so‘ragan, ijtimoiy tarmoqlarda e’lonlar tarqatgan va mushukni ko‘rganlar haqidagi xabarlarni tekshirgan.

Biroq qidiruvlar natija bermagan. Oila hatto Charli mashina urib ketgani yoki boshqa biror hodisa tufayli halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlangan. Shunga qaramay, ular mushukni topish umidini butunlay yo‘qotmagan.

Kutilmagan qo‘ng‘iroq

Oradan qariyb 10 yil o‘tib, 29-iyul kuni Lyusining 30 yoshga to‘lgan kunida oila kutilmagan qo‘ng‘iroq oldi. Aberkarn shahridagi veterinariya klinikasi xodimlari Charli topilganini ma’lum qilgan. Mahalliy aholidan biri mushukni butalar orasida yashayotgan holatda ko‘rgan va uni bir necha hafta davomida ovqatlantirib kelgan. Keyinchalik u mushukni veterinariya klinikasiga olib borgan.

Veterinarlar Charlining mikrochipini tekshirgach, uning 10 yil avval yo‘qolgan mushuk ekanini aniqlagan va egalarining aloqa ma’lumotlarini topgan.

Charli egalarini darhol tanidi

Eng hayratlanarlisi, 10 yil o‘tganiga qaramay, Charli o‘z egalarini ko‘rishi bilan darhol tanigan. Lyusi mushukning ularni taniganidan juda xursand bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Charli tashqi ko‘rinishidan ham deyarli o‘zgarmagan – oila hatto uning eski suratlaridagi ko‘rinishi bilan hozirgi holati o‘rtasida katta farq ko‘rmagan.

Mushuk veterinariya klinikasiga ham yaxshi holatda olib kelingan. Uning juni yaxshi saqlangan va uzoq vaqt davomida ko‘chada yashaganiga qaramay, juda qarovsiz ko‘rinishda bo‘lmagan. Xanna Charli 10 yil davomida qayerda va qanday yashaganini endi hech qachon bilmasliklari mumkinligini aytgan.

Endi mushuk yangi hayotga moslashmoqda

Charli hozir yana o‘z oilasi bilan yashamoqda. Biroq 10 yil davomida alohida hayot kechirgan mushukni oilaning boshqa uy hayvonlariga moslashtirish biroz vaqt talab qilmoqda. Shunga qaramay, Charli yangi uyidagi e’tibor va ovqatdan mamnun. Lyusining aytishicha, mushuk hozir o‘zini haqiqiy yulduzdek tutmoqda.

Avvalroq Vengriyadagi Budapesht universiteti olimlari mushuklarning insonlarga emotsional bog‘liqligi haqida qiziqarli tadqiqot o‘tkazgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek