Ferrari Luce’ning ilk elektromobili sotildi

Ferrari’ning Luce dasturi doirasida ishlab chiqarilgan ilk avtomobil – Chassis 0 40 mln dollarga sotildi. Avtomobil 2026-yilgi Monterey auksionida RM Sotheby’s tomonidan savdoga qo‘yilgan.

Chassis 0 Ferrari Luce dasturining birinchi ishlab chiqarish nusxasi hisoblanadi. Avtomobil Ferrari’ning Tailor Made dasturi orqali maxsus konfiguratsiyada yaratilgan.
Avtomobilning o‘ziga xos dizayni
Ferrari Luce tashqi ko‘rinishida aynan ushbu avtomobil uchun ishlab chiqilgan Madreperla Semi-Gloss qoplamasidan foydalanilgan. Yorug‘lik tushish burchagiga qarab ushbu rang yashildan binafshagacha o‘zgara oladi va bu uning noyob jihatlaridan biridir.

Salon esa Perla rangidagi Le Mans metallik terisi bilan bezatilgan. Ichki qismning ikkilamchi elementlarida odatiy qora rang o‘rniga Grigio Corvara ishlatilgan.
Shuningdek, avtomobil uchun maxsus g‘ildiraklar, individual tormoz supportlari va optik oq fondagi Ferrari logotipi ishlab chiqilgan. Mashinada uning Chassis 0 ekanini ko‘rsatuvchi maxsus lavha ham mavjud.
Mablag‘lar ta’limga yo‘naltiriladi
Auksiondan tushgan mablag‘ning barchasi Ferrari Foundation jamg‘armasiga topshiriladi. Ular kelajakdagi ta’lim loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi.
Auksionda xaridor uchun qo‘shimcha komissiya undirilmaydi. Avtomobil AQSh talablari asosida ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, savdo yakunlangach Maranelloga qaytariladi. Shu sababli uning yakuniy yetkazib berilishi 2027-yilning birinchi choragiga rejalashtirilgan.
Chassis 0 Ferrari’ning dizayn, materiallar va ranglar bo‘yicha izlanishlarini birlashtirgan maxsus loyiha sifatida taqdim etilgan.

Avvalroq Ferrari Luce elektromobili sotuvi ishlab chiqaruvchi kompaniyaning 2026-yil uchun belgilagan rejasidan oshib ketgani haqida xabar berilgandi.