Fond bozori: «Buxoroneftgazparmalash» aksiyalari bir haftada yana 123 foizdan oshdi

eʼlon qilindi
7-avgustdan 14-avgustgacha bo‘lgan davrda
Fond bozori: «Buxoroneftgazparmalash» aksiyalari bir haftada yana 123 foizdan oshdi
Foto: depositphotos

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 7-avgustdan 14-avgustgacha bo‘lgan davrda ijobiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 19,12 foizga oshdi.

Ushbu davr mobaynida «Buxoroneftgazparmalash» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 123,56 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Trastbank» (+48,06%) va «Uzbekinvest» aksiyalarida (+15,79%) ham o‘sish qayd etildi.

O‘z navbatida, «Turonbank» aksiyalari 9,97 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Ipoteka-bank»ning imtiyozli aksiyalari (-6,37%) va «Garantbank» (-4,51%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Kapital sug‘urta», «O‘zmetkombinat» aksiyalari va «Ipoteka-bank»ning oddiy aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Bitimlar soni bo‘yicha UzNIF (8 790 ta), «O‘zbektelekom» (5 595 ta) va «Hamkorbank» (4 982 ta) peshqadam bo‘ldi.

Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa UzNIF (7,29 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zbektelekom» (3,90 mlrd so‘m) va «Hamkorbank» (1,54 mlrd so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 26 tasi haftani ijobiy, uchtasi o‘zgarishsiz va to‘qqiztasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 448,83 mlrd so‘m bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq aksiyalarni kvotalash vakolati Vazirlar Mahkamasidan ILMAga o‘tishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. ILMA Kapital bozorini rivojlantirish departamenti boshlig‘i Saibjan Xudayberdiyevning ta’kidlashicha, qonun loyihasining asosiy yangiligi ilgari mamlakat qonunchiligida mavjud bo‘lmagan qator yangi moliyaviy mahsulotlar uchun huquqiy asos yaratish va ularni amaliyotga joriy etishdan iborat.

Shuningdek