«Hududgaz Qoraqalpog‘iston»da 251,5 mlrd so‘mlik zarar aniqlandi

eʼlon qilindi
Hozirda ish doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda
«Hududgaz Qoraqalpog‘iston»da 251,5 mlrd so‘mlik zarar aniqlandi
Foto: Departament

«Hududgaz Qoraqalpog‘iston» gaz ta’minoti filialida davlat va jamiyat manfaatlariga 251,5 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.

Holat Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlangan.

Gaz hajmidagi tafovut yo‘qotish sifatida ko‘rsatilgan

Tergovga qadar tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, «Hududgaz Qoraqalpog‘iston» GTF mas’ul shaxslari korxona tomonidan qabul qilib olingan tabiiy gaz hajmi bilan iste’molchilarga yetkazib berilgan gaz miqdori o‘rtasida tafovut yuzaga kelganini aniqlagan.

Biroq Departamentga ko‘ra, mas’ullar ushbu tafovutning kelib chiqish sabablarini aniqlamasdan, uni hisobotlarda oddiy yo‘qotish sifatida aks ettirgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organ hisob-kitobiga ko‘ra, buning oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga jami 251,5 mlrd so‘m zarar yetkazilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi – o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 205-moddasi – hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda ish doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Bo‘stonliqda 1 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalanish aniqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek