Ijtimoiy tadbirkorlik nima va u qanday qo‘llab-quvvatlanadi

eʼlon qilindi
Bunday bizneslarga imtiyozlar, subsidiyalar va moliyaviy ko‘mak berilishi nazarda tutilgan
Tadbirkorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar yagona reyestri joriy etiladi
Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekistonda ijtimoiy va ekologik muammolarni hal qilishga qaratilgan tadbirkorlik faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik sifatida e’tirof etiladi. Bunday bizneslarga imtiyozlar, subsidiyalar va moliyaviy ko‘mak berilishi nazarda tutilgan.

Qonunchilikka kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, tadbirkorlik subyektlarining ijtimoiy yoki ekologik muammolarni hal etish yoxud ularning oqibatlarini yumshatishga qaratilgan faoliyati ijtimoiy tadbirkorlik deb tan olinadi.

Ijtimoiy tadbirkorlarga qanday yordam beriladi

Ijtimoiy tadbirkorlikni davlat tomonidan bir nechta yo‘nalishda qo‘llab-quvvatlash belgilandi.

Jumladan, bunday tadbirkorlarga imtiyoz va preferensiyalar berish, ijtimoiy loyihalar xarajatlarini subsidiyalash, davlat ijtimoiy buyurtmalarini joylashtirish va moliyaviy yordam ko‘rsatish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, xodimlarni tayyorlash va qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, maslahat va uslubiy yordam ko‘rsatish hamda axborot bilan ta’minlash ham qo‘llab-quvvatlash choralariga kiradi.

«Mas’uliyatli biznes» tushunchasi ham belgilandi

Qonunchilikka rioya qilgan holda barqaror rivojlanishga hissa qo‘shayotgan, inson huquqlari, atrof-muhit va jamoat manfaatlariga salbiy ta’sirning oldini olish choralarini ko‘rayotgan tadbirkorlik faoliyati mas’uliyatli biznes yuritish deb e’tirof etiladi.

Mas’uliyatli biznesning asosiy mezonlari qatoriga inson huquqlariga rioya qilish, mehnat va ishlab chiqarish munosabatlarida noqonuniy amaliyotlarga yo‘l qo‘ymaslik kiradi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar atrof-muhitni, xodimlar va aholi salomatligini muhofaza qilishi, atrof-muhitga salbiy ta’sirning oldini olish va uning oqibatlarini bartaraf etish choralarini ko‘rishi kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda tadbirkorlik uchun majburiy talablarning yagona reyestri yuritilishi haqida xabar berilgandi. Reyestrga ma’lumotlarni tegishli soha bo‘yicha vakolatli davlat organlari va tashkilotlari joylashtiradi.

Shuningdek