Muddatli to‘lov xizmatlari muddati 12 oydan oshmaydi

eʼlon qilindi
Operatorlar komissiya, ustama va yakuniy narxga qo‘shiladigan boshqa to‘lovlarni mijozga alohida ko‘rsatishi shart bo‘ladi
Muddatli to‘lov xizmatlari muddati 12 oydan oshmaydi
Rasm SI

O‘zbekistonda muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalarga yangi talablar belgilandi. Unga ko‘ra, muddatli to‘lov asosida xarid qilinadigan tovar, ish yoki xizmat qiymati BHMning 250 baravaridan oshmasligi, shartnoma muddati esa 12 oydan ko‘p bo‘lmasligi kerak.

Shuningdek, operatorlar komissiya, ustama va yakuniy narxga qo‘shiladigan boshqa to‘lovlarni mijozga alohida ko‘rsatishi shart bo‘ladi.

Muddatli to‘lovning maksimal miqdori cheklanadi

Qarorga ko‘ra, muddatli to‘lov xizmati orqali sotib olinadigan tovar, ish yoki xizmatning qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 250 baravari (103 000 000 so‘m)dan oshishi mumkin emas. 1-sentabrdan bu qiymat 110 mln so‘mni tashkil etadi.

Bundan tashqari, muddatli to‘lov operatorining komissiyasi, ustamasi hamda tovar yoki xizmatning yakuniy qiymatiga kiritiladigan boshqa to‘lovlar shartnomada alohida ko‘rsatilishi lozim.

Bu talab iste’molchiga xaridning dastlabki narxi va muddatli to‘lovdan foydalanish natijasida qancha qo‘shimcha mablag‘ to‘lashi kerakligini aniq ko‘rish imkonini beradi.

Jarima va boshqa qo‘shimcha to‘lovlarga limit qo‘yiladi

Yangi tartibga ko‘ra, asosiy qarzdan tashqari iste’molchidan undiriladigan barcha to‘lovlar miqdori ham cheklanadi.

Jumladan, vositachilik haqlari, neustoyka, jarima, penya va javobgarlikning boshqa choralarini qo‘shib hisoblaganda, ularning umumiy miqdori bir yilda muddatli to‘lov summasining 50 foizidan oshishi mumkin emas.

Shu tariqa kechiktirilgan to‘lov yoki boshqa majburiyatlar sabab iste’molchi zimmasiga cheklanmagan miqdorda qo‘shimcha xarajat yuklanishining oldi olinadi.

Qarzni muddatidan oldin jarimasiz yopish mumkin bo‘ladi

Iste’molchiga muddatli to‘lov bo‘yicha qarzini istalgan vaqtda muddatidan oldin yopish huquqi ham kafolatlanadi.

Mijoz qarzni to‘liq yoki qisman muddatidan oldin to‘lashi mumkin. Bunday holatda undan qo‘shimcha jarima, penya yoki komissiya undirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ya’ni mijozning moliyaviy imkoniyati paydo bo‘lsa, qolgan qarzini oldindan to‘lab, shartnoma bo‘yicha majburiyatini qo‘shimcha xarajatlarsiz kamaytirishi yoki butunlay yopishi mumkin.

Shartnoma muddati 12 oydan oshmaydi

Muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatish shartnomasi bo‘yicha iste’molchining majburiyati shartnoma tuzilgan kundan boshlab ko‘pi bilan 12 oy davom etishi mumkin.

Demak, yangi talablar doirasidagi muddatli to‘lov shartnomalarini bir yildan ortiq muddatga tuzishga ruxsat berilmaydi.

Ayrim kichik iste’mol kreditlari kredit byurosiga berilmaydi

Qaror bilan tovar iste’mol kreditlariga oid yana bir o‘zgarish ham nazarda tutilgan.

2027-yil 1-yanvardan tovar iste’mol krediti beruvchi tashkilotlardan qiymati BHMning uch baravarigacha bo‘lgan tovar iste’mol krediti shartnomalari va ularning ijro holati haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etish talab qilinmaydi.

Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda moliyaviy hisobotlar uchun yangi talablar tasdiqlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek