Pensiyangiz qancha: O‘zbekistonda nafaqa miqdorini oshirish yo‘llari

Jamiyatda eng koʻp bahs-munozaralarga sabab boʻladigan sohalardan biri – pensiya tizimi. Kursiv Uzbekistan’ning ushbu tahliliy materialida nega bir xil sharoitda ham qoʻshningiz sizdan koʻproq nafaqa olishi va pensiya miqdorini oshirish yoʻllari haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Pensiyaga chiqish uchun qancha staj kerak?
Umumiy tartibda:
- erkaklar — 60 yoshga to‘lganda va kamida 25 yil ish stajiga ega bo‘lsa;
- ayollar — 55 yoshga to‘lganda va kamida 20 yil ish stajiga ega bo‘lsa, yoshga doir pensiya olish huquqiga ega.
Agar to‘liq staj bo‘lmasa, lekin kamida 7 yil ish staji mavjud bo‘lsa, yoshga doir pensiya mavjud stajga mutanosib miqdorda tayinlanishi mumkin.
Demak, 7 yil staj – to‘liq pensiya olish uchun kerak bo‘ladigan 20 yoki 25 yilning o‘rnini bosmaydi. Bu to‘liq staj yetishmaganda pensiya olish imkonini beruvchi minimal chegara sifatida ishlaydi.
Pensiyani hisoblashda ish haqining qaysi davri olinadi
Bu yerda ko‘pchilik adashadigan muhim jihat bor. Amaldagi tartibga ko‘ra, pensiyani hisoblash uchun fuqaroning oxirgi 10 yillik mehnat faoliyati davridagi ketma-ket eng yuqori besh yillik ish haqi olinadi.
2025-yilgi qonunchilikdagi o‘zgarishdan keyin bu besh yillik davr axborot tizimidagi yoki fuqaro taqdim etgan ma’lumotlar asosida avtomatik ravishda aniqlanadi. Ya’ni pensiya tayinlanayotgan odam «oxirgi besh yilimni oling» deb shunchaki tanlamaydi. Tizim oxirgi 10 yillik davr ichidan ketma-ket eng yuqori besh yillik ish haqini aniqlaydi.
Tanlangan 60 oylik davrdagi ish haqi avval pensiya tayinlanadigan kundagi ish haqi darajasiga keltirish uchun qayta hisoblanadi. Keyin 60 oylik umumiy summa 60 ga bo‘linib, pensiya hisob-kitobida foydalaniladigan o‘rtacha oylik ish haqi aniqlanadi.
Oddiy misol. Faraz qilaylik, fuqaroning oxirgi 10 yillik faoliyati ichida eng yuqori ketma-ket besh yillik ish haqi qayta hisoblangandan keyin oyiga o‘rtacha 5 mln so‘mni tashkil qildi.
Bu raqamning 55 foizi: 5 000 000 × 55% = 2 750 000 so‘m.
Bu yoshga doir pensiyaning tayanch qismi sifatida olinadigan bazaviy hisob-kitobdir. Ammo yakuniy pensiya shu bilan tugamaydi. Agar fuqaroning talab etiladigan stajdan ortiq yillari bo‘lsa, ular uchun qo‘shimcha foiz ham qo‘shiladi, ya’ni erkaklar 25, ayollar esa 20 yildan ortiqroq ishlagan bo‘lsa, bu uchun ham qo‘shimcha pul beriladi.
Har bir ortiqcha yil pensiyani oshiradi
Yoshga doir pensiyada talab etiladigan stajdan ortiq har bir to‘liq yil uchun tayanch miqdor o‘rtacha oylik ish haqining yana 1 foizi miqdorida oshiriladi. Masalan, erkak fuqaroning pensiya tayinlash uchun zarur 25 yillik stajidan tashqari yana 5 yil staji bor. Agar pensiya hisob-kitobida olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi 5 mln so‘m bo‘lsa:
5 mln × 55% = 2,75 mln so‘m (bu – tayanch qism)
5 yil ortiqcha staj uchun: 5 mln × 1% × 5 = 250 ming so‘m.
Demak, ustamalarni hisobga olmaganda: 2,75 mln + 250 ming = 3 mln so‘m.
Bu misol faqat amaldagi asosiy mexanizmni tushuntirish uchun. Haqiqiy pensiya miqdori fuqaroning shaxsiy staji, ish haqi tarixi va unga tegishli ustamalarga qarab farq qiladi.
2026-yilda pensiya hisobida qancha ish haqi olinadi
Bu masalada yana bitta muhim cheklov bor. Aslida, amaldagi qonunchilik bo‘yicha pensiya hisob-kitobida olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan oshmasligi kerak.
2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 504 ming so‘m etib belgilangan. Shu sanadan yoshga doir eng kam pensiya 983 ming so‘mni tashkil etadi.
Shundan kelib chiqib, amaldagi 12 baravar chegara: 504 000 × 12 = 6 048 000 so‘m. Ya’ni pensiya hisob-kitobida olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi amaldagi tartib bo‘yicha 6,048 mln so‘mdan yuqori olinmaydi.
Masalan, fuqaroning qayta hisoblangan o‘rtacha oylik ish haqi 8 mln so‘m chiqdi. Pensiya hisob-kitobida esa to‘liq 8 mln emas, 6,048 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi olinadi. Shuning uchun juda yuqori maosh oladigan odam uchun ham pensiya hisobida ish haqining haqiqiy ko‘rsatkichi olinmasligi mumkin.
30 yil ishlasam, qancha pensiya olaman
Shartli ravishda erkak fuqaroning pensiya tayinlash uchun zarur staji 25 yil, lekin umumiy staji 30 yil deylik. Pensiya hisobiga olinadigan o‘rtacha oylik ish haqi 6 048 000 so‘m, deb olaylik.
Ortiqcha stajlarsiz: 6 048 000 × 55% = 3 326 400 so‘m.
Ortiqcha 5 yil uchun: 6 048 000 × 1% × 5 = 302 400 so‘m.
Shunda: 3 326 400 + 302 400 = 3 628 800 so‘m.
Bu yerda hech qanday maxsus ustama yoki boshqa imtiyoz hisobga olinmagan. Shu misolning o‘ziyoq ikkita omilni ko‘rsatadi: hisobga olinadigan ish haqi yuqoriroq bo‘lishi va talab etilgan stajdan ortiq yillar pensiya miqdoriga ta’sir qiladi.
Qaysi davrlar ish stajiga kiradi
Ish staji faqat «mehnat shartnomasi bilan ishlagan yillar»dan iborat emas. Amaldagi tartibga ko‘ra:
- rasmiy mehnat faoliyati;
- harbiy xizmat;
- ayrim davlat va maxsus xizmat davrlari;
- belgilangan shartlar asosida yakka tartibdagi va oilaviy tadbirkorlik faoliyati;
- ayrim parvarish davrlari;
- kunduzgi oliy ta’lim, aspirantura va ayrim ilmiy ta’lim davrlari;
- bola uch yoshga to‘lguniga qadar parvarishlash ta’tili – jami ko‘pi bilan 6 yil stajga qo‘shilishi mumkin.
Ammo barcha bunday davrlar avtomatik tarzda stajga qo‘shilmaydi. Masalan, qonunda ko‘rsatilgan ayrim davrlarni stajga qo‘shish uchun fuqaroning kamida 7 yil umumiy ish stajiga ega bo‘lishi talab qilinadi.
Shu sababli «universitetda o‘qiganman, demak avtomatik ravishda stajimga qo‘shiladi» yoki «bola parvarishidagi barcha yillar hisoblanadi» kabi vajlar va xulosalar xato!!!
Rasmiy ishlashim shartmi
2019-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davr uchun ish stajini hisoblashda tegishli sug‘urta badallari muhim bo‘lgan. 2019-yil 1-yanvardan keyingi davr uchun esa xodim tomonidan bajarilgan ish, agar unga mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar hisoblangan bo‘lsa, stajga qo‘shiladi.
Bu yoshlar uchun, ayniqsa, muhim.
Masalan, 25 yoshli fuqaro bugun ikki xil ish taklifini oldi:
- 1-variant: 8 mln so‘m maosh, lekin ishning bir qismi norasmiy;
- 2-variant: 6 mln so‘m rasmiy maosh.
Faqat «qo‘lga qancha pul tegadi?» deb qarash kelajakdagi pensiya haqidagi orzular uchun umuman yetarli emas. Rasmiy daromad va ish stajining tizimda aks etishi keyinchalik pensiya hisob-kitobiga ta’sir qiladi.
Jamg‘arib boriladigan pensiya – davlat pensiyasidan alohida
O‘zbekistonda davlat pensiyasidan tashqari jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi ham mavjud. Bu ikki tushunchani aralashtirmaslik kerak. Davlat pensiyasi qonunchilikda belgilangan formula asosida hisoblanadi. Jamg‘arib boriladigan pensiyada esa fuqaroning shaxsiy hisobvarag‘ida mablag‘ shakllanadi.
2026-yil iyulida hukumat tomonidan pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha taqdim etilgan takliflarda hozirda fuqarolar ish haqining 0,1 foizi jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga o‘tkazilayotgani qayd etilgan.
Masalan, shartli ravishda oyiga 5 mln so‘m ish haqi oladigan fuqaro uchun 0,1 foiz: 5 000 000 × 0,1% = 5 000 so‘m.
Bir yil davomida bu: 5 000 × 12 = 60 000 so‘m.
Bu davlat tomonidan tayinlanadigan yoshga doir pensiyaning o‘rnini bosmaydi. U alohida jamg‘ariladigan mablag‘ hisoblanadi.
2026-yilda pensiya tizimi o‘zgarishi kutilmoqda
2026-yil iyulida pensiya tizimini isloh qilish bo‘yicha yangi takliflar taqdim etildi. Ularga ko‘ra, oylik ish haqi 7,6 mln so‘mgacha bo‘lgan fuqaro jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘iga ish haqining 5 foizini o‘tkazsa, davlat tomonidan yana 2,5 foiz qo‘shimcha mablag‘ ajratish taklif qilinmoqda. 7,6 mln so‘mdan yuqori maosh oluvchilar uchun esa boshqa mexanizm taklif etilgan.
Bu hozircha amaldagi pensiya hisoblash qoidasi emas, balki 2026-yil iyulida taqdim qilingan islohot taklifi.
Pensiya hisobidagi yana bir o‘zgarish: ish haqi chegarasi
Yangi takliflarda davlat pensiyasini hisoblashda olinadigan ish haqi davrini 5 yildan 20 yilgacha uzaytirish, shuningdek, ayrim past daromadli davrlarni hisobdan chiqarish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bundan tashqari, pensiya hisobida olinadigan ish haqining yuqori chegarasini 2027-yildan 6 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha oshirish taklif qilingan.
Hukumat hisob-kitobiga ko‘ra, yangi tartib bo‘yicha pensiyaga chiqadigan fuqarolarning pensiyasi o‘rtacha 8 foizgacha oshishi mumkin.
O‘z pensiyangizni nafaqaga chiqmasdan turib hisoblay olasiz
Fuqarolar kelajakdagi pensiyasini oldindan bilishi uchun yangi «Mening pensiyam» elektron xizmati joriy etilishi belgilangan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, xizmat orqali fuqaroning:
- ish haqi;
- mehnat staji;
- o‘qish davri;
- ayollar uchun bolalar soni;
- erkaklar uchun harbiy xizmat
kabi ma’lumotlari asosida bo‘lajak pensiyani hisoblash imkoniyati yaratiladi.
Tizim JSHSHIR va OneID orqali identifikatsiya qilishga asoslanishi rejalashtirilgan. Keyingi rasmiy raqamlashtirish rejalarida «Mening pensiyam» xizmatini 2026-yil 1-dekabrdan joriy qilish belgilangan.
Hozirdanoq o‘zingizning ma’lumotlaringizni tekshirish mumkin
Kelajakdagi pensiyani kutib o‘tirish shart emas. Fuqaro o‘zining mehnat faoliyati haqidagi ma’lumotlarini elektron davlat xizmatlari orqali tekshirishi mumkin. Masalan, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida mehnat daftarchasidan ko‘chirma olish xizmati mavjud.
- Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga kiring.
- Shaxsiy kabinet orqali identifikatsiyadan o‘ting.
- Mehnat faoliyati va elektron mehnat daftarchasiga oid ma’lumotlarni tekshiring.
- Ishlagan davrlaringizni amaldagi ma’lumotlar bilan solishtiring.
- Biror davr yo‘q yoki noto‘g‘ri ko‘rsatilgan bo‘lsa, uni tasdiqlovchi hujjatlarni oldindan yig‘ib qo‘ying.
- Pensiya tayinlash vaqtigacha muammoni hal qilishga harakat qiling.
Men 10 yil ishlaganman, lekin tizimda 7 yil ko‘rsatyapti
Mana shu g‘alva hozirgi kunda eng ko‘p tilga olinyapti, uchrayapti. Chunki fuqaro pensiyaga chiqadigan kuni hujjat izlashni boshlamasligi kerak. Agar pensiya miqdoriga ta’sir qiladigan qo‘shimcha ish staji yoki ish haqi to‘g‘risidagi hujjatlar keyinchalik topilsa, pensiyani qayta hisoblash imkoniyati mavjud. Pensiya jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, pensioner qo‘shimcha hujjatlar taqdim etganida pensiya qayta hisoblanishi mumkin.
Shuning uchun, «pensiyaga chiqishimga hali 10 yil bor» degan gaplarni yig‘ishtirish kerak. Agar tizimda bugun xato bo‘lsa, uni aniqlash va tuzatish uchun vaqt bor paytda shug‘ullanish ancha oson.
Kelajakdagi pensiyani qanday oshirish mumkin
Hamma uchun qiziq bo‘lgan savol. Ha, aslida buning imkoni bor. Amaldagi qoidalardan kelib chiqib, bir nechta amaliy xulosa chiqarish mumkin:
- rasmiy ishlash (rasmiy daromad va ish faoliyatining tegishli tartibda hisobga olinishi pensiya huquqi uchun muhim);
- ish stajini yo‘qotib qo‘ymaslik (ishlagan davrlaringiz tizimda to‘g‘ri aks etayotganini muntazam tekshirish kerak);
- pensiya hisobiga olinadigan ish haqiga e’tibor berish (amaldagi tartibda oxirgi 10 yillik faoliyat ichidan ketma-ket eng yuqori besh yillik ish haqi olinadi);
- ortiqcha stajning ahamiyatini hisobga olish (talab etilgan stajdan ortiq har bir to‘liq yil yoshga doir pensiyaning tayanch miqdorini o‘rtacha oylik ish haqining 1 foizi miqdorida oshiradi);
- jamg‘arib boriladigan pensiyani ham kuzatish (bu davlat pensiyasidan alohida tizim bo‘lgani uchun shaxsiy hisobvaraqdagi mablag‘lar va ularning harakatini ham nazorat qilish mumkin).
25 yoshli xodim nima qilishi kerak
Faraz qilaylik, 25 yoshli Aziz bugun rasmiy ishga kirdi. Uning oldida pensiyaga chiqishgacha hali o‘nlab yillar bor. Shunga qaramay, kelajakdagi pensiyasi uchun eng muhim ishlarni bugundan boshlashi mumkin:
- 25 yosh: rasmiy ish va elektron mehnat ma’lumotlarini nazorat qilish;
- 30 yosh: staj va ish haqi ma’lumotlarini yana tekshirish;
- 35 yosh: norasmiy ishlangan davrlar bo‘lsa, ularning pensiya huquqiga ta’sirini aniqlash;
- 40 yosh: jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘ini ham nazorat qilish;
- 50 yosh: pensiyaga chiqish uchun zarur stajni tekshirish;
- 55 yosh atrofida: ayollar uchun, 60 yosh atrofida: erkaklar uchun pensiya tayinlashga asos bo‘ladigan ma’lumotlarni to‘liq tekshirish.
Qisqa qilib aytganda, O‘zbekistonda kelajakdagi pensiya miqdorini oshirishning bitta «sirli formulasi» yo‘q, sehrli tayoqcha bilan hamma narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Amaldagi tizimda uchta narsa ayniqsa muhim: ish staji, pensiya hisob-kitobiga olinadigan ish haqi va talab etilgan stajdan ortiq ishlangan yillar.
2026-yil 1-iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori 504 ming so‘m, yoshga doir eng kam pensiya esa 983 ming so‘m etib belgilangan.
Shu bilan birga, pensiya tizimini o‘zgartirish bo‘yicha yangi takliflar ham paydo bo‘lmoqda. Ular orasida jamg‘arib boriladigan pensiyaga davlat qo‘shimcha mablag‘i, pensiya hisobida olinadigan ish haqi davrini uzaytirish va hisobga olinadigan ish haqining yuqori chegarasini oshirish kabi takliflar bor. Ammo ular amaldagi hisoblash qoidalari bilan bir xil emas va qonunchilikda kuchga kirganidan keyingina amaliy hisob-kitobga tatbiq etiladi.
Kelajakdagi pensiya aslida pensiyaga chiqadigan kuni emas, mehnat faoliyatining birinchi kunidan shakllana boshlaydi. Agar siz shu yo‘riqlarga amal qilsangiz, ertaga «qo‘shnim nega mendan ko‘proq nafaqa oladi», – degan savollarga ham hojat qolmaydi.