Prezident Xorazmda: Urganch aeroporti 264 mln dollarga yangilanadi

17-avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifini Urganch xalqaro aeroportidagi ta’mirlash ishlari bilan tanishishdan boshladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Aeroportga 264 mln dollar yo‘naltiriladi
Urganch xalqaro aeroportini rekonstruksiya qilish loyihasiga jami 264 mln dollar investitsiya kiritilmoqda. Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda. Xususiy hamkor sifatida Janubiy Koreyaning «Incheon International Airport Corporation» kompaniyasi jalb etilgan.
Aeroport 1960-yilda foydalanishga topshirilgan, 1992-yilda esa xalqaro maqom olgan. Majmuaning umumiy maydoni 285 gektardan ortiq.
Joriy yilning o‘zida aeroport tomonidan 126 mlrd so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Bu 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 31 foizga ko‘p.
Uzoq masofali reyslar uchun imkoniyat yaratiladi
Rekonstruksiya yakunlangach, aeroport «Boeing 747» va «Airbus A350» kabi keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qila oladi. Bu Xorazmga dunyoning turli hududlaridan to‘g‘ridan to‘g‘ri uzoq masofali reyslarni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
Loyihaning birinchi bosqichida 18 ta havo kemasi uchun turargoh hamda yangi burilish yo‘lagi quriladi.
Shuningdek, aeroportda zamonaviy chegara nazorati va viza bo‘limlari, biznes-zal, savdo va ovqatlanish shoxobchalari, tibbiyot punkti hamda «Duty free» hududi tashkil etiladi.
Yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish quvvati oshadi
Modernizatsiya natijasida Urganch xalqaro aeroportining yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati sezilarli kengayadi. Hozirgi soatiga 300 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvati 1 300 nafargacha yetkaziladi.
Prezident Xiva va Urganchning xalqaro sammitlar, diplomatik uchrashuvlar hamda yirik iqtisodiy va madaniy tadbirlar o‘tkaziladigan markazga aylanayotganini ta’kidladi. Shu sababli aeroport infratuzilmasini xalqaro talablarga moslashtirish hududning turizm va xalqaro aloqalar salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi davomida sanoat, ta’lim, transport va turizm yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishishi, shuningdek, viloyatda yaratilgan infratuzilma obyektlari ko‘zdan kechirishi haqida xabar berilgandi.