
Chevrolet AQSh bozorida 2026 va 2027-yilgi Chevrolet Traverse modellari uchun avgust oyiga mo‘ljallangan maxsus moliyalashtirish va lizing dasturlarini taklif qilmoqda. Bu haqda GMAutority nashri xabar bermoqda.
GM Authority ma’lumotiga ko‘ra, maxsus takliflar 2026-yil 31-avgustgacha amal qiladi. Aksiyalar asosan AQSh bozoriga mo‘ljallangan bo‘lib, barcha xaridorlar uchun bir xil shartlarda mavjud bo‘lmasligi mumkin.
2026-yilgi Traverse uchun 2,9% stavkali kredit
2026 Chevrolet Traverse xaridorlariga GM Financial orqali avtomobilni 48 oygacha muddatga 2,9% yillik stavka bilan moliyalashtirish taklif qilinmoqda.
Agar kredit muddati 60 oy etib tanlansa, yillik stavka 3,9% ni tashkil etadi.
2027-yilgi Chevrolet Traverse uchun esa shartlar biroz qimmatroq. Ushbu modelni 48 oygacha 3,9%, 60 oyga esa 4,9% yillik stavka bilan kreditga olish mumkin.
Har ikki holatda ham moliyalashtirish GM Financial orqali amalga oshirilishi shart.

Traverse’ni oyiga $489 dan lizingga olish mumkin
Chevrolet 2026 Traverse LT FWD modeli uchun AQSh bo‘ylab amal qiladigan maxsus lizing dasturini ham taklif qilmoqda.
Standart taklif bo‘yicha avtomobil 24 oyga oyiga $499 dan lizingga beriladi. Yillik yurish limiti 10 ming mil, ya’ni qariyb 16 ming kilometr etib belgilangan.
Taklifdan foydalanish uchun 2021-yil yoki undan yangi avtomobilni amaldagi lizing asosida ishlatayotgan xaridorlar shartnoma tuzish vaqtida $5 519 to‘lashi kerak. Garov depoziti talab qilinmaydi.
GM kompaniyasi xodimlari va tegishli oila a’zolari uchun esa yanada qulayroq shart mavjud. Ular 2026 Traverse LT FWD’ni oyiga $489 dan 24 oyga lizingga olishi mumkin. Bunda dastlabki to‘lov $4 129 ni tashkil etadi.
Chevrolet Traverse narxi qancha

2026 Chevrolet Traverse’ning AQShdagi boshlang‘ich narxi LT komplektatsiyasida $42 795 ni tashkil qiladi.
Z71 versiyasi $50 895 dan, High Country $57 095 dan, RS esa $57 395 dan boshlanadi. Ushbu narxlarga $1 995 miqdoridagi yetkazib berish xarajati ham kiritilgan.
2027 model yilida LT versiyasi narxi o‘zgarmagan va $42 795 darajasida qolgan. Z71 narxi $51 095 gacha, High Country $58 095 gacha, RS esa $57 795 gacha oshgan.
Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, qo‘shimcha opsiyalar va paketlar hisobiga 2027 Traverse’ning ayrim konfiguratsiyalari $60 mingdan oshishi mumkin.
Yangi Traverse qanday dvigatel bilan jihozlangan
2026 va 2027 Chevrolet Traverse modellari 2,5 litrli turbo dvigatel bilan jihozlanadi. U 328 ot kuchi va 326 funt-fut, ya’ni qariyb 442 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi.
Dvigatel sakkiz pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi. Old g‘ildirakdan tortish standart hisoblanadi, to‘liq uzatma esa qo‘shimcha variant sifatida mavjud.
Z71 versiyasi yo‘ldan tashqarida harakatlanishga moslashtirilgan ikki muftali to‘liq uzatma tizimi bilan ajralib turadi.
Traverse maksimal 5 ming funt, ya’ni qariyb 2,27 tonnagacha bo‘lgan tirkamani torta oladi.
2026 va 2027 modellarida nimalar yangilandi
2026-yilgi Chevrolet Traverse avvalgi modelga nisbatan katta o‘zgarishlarsiz qolgan. Asosiy yangiliklardan biri Key Card funksiyasining paydo bo‘lishidir. Ushbu karta orqali haydovchi odatiy kalit brelogisiz avtomobilni ochishi, qulflashi va ishga tushirishi mumkin.
Shuningdek, model uchun ikkita yangi kuzov rangi qo‘shilgan va Rear Camera Mirror tizimi ko‘proq komplektatsiyalarda mavjud bo‘lgan.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Cobalt avtomobiliga chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.