Mercedes-Benz C-Class yangilandi: ChatGPT, Gemini va kuchliroq motor

18-avgust 2026 08:49 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Mercedes-Benz C-Class yangilandi: ChatGPT, Gemini va kuchliroq motor
Foto: Mercedes-Benz

Mercedes-Benz C-Class sedani katta texnik yangilanishdan o‘tkazildi. Bu haqda Carcoops texnologiyalar nashri xabar bermoqda.

Mercedes-Benz yangilangan C-Class’ning tashqi ko‘rinishini ham qayta ishladi. Old qismda yoritiladigan markaziy uch qirrali yulduz va radiator panjarasining yoritiladigan hoshiyasi paydo bo‘lgan. Panjaraning o‘zi esa ko‘plab kichik xrom yulduzlar bilan bezatilgan.

Biroq modeldagi asosiy o‘zgarishlar avtomobilning elektron tizimlari, shassisi va kuch qurilmasiga tegishli.

ChatGPT va Gemini avtomobil tizimiga integratsiya qilindi

Yangilangan C-Class Mercedes-Benz’ning yangi MB.OS operatsion tizimi asosida ishlaydi. Platforma avtomobil funksiyalarini masofadan yangilash imkoniyatlarini kengaytiradi va MBUX multimedia tizimining yangi interfeysini boshqaradi.

Foto: Mercedes-Benz

MBUX Virtual Assistant virtual yordamchisiga ChatGPT, Google Gemini va Microsoft Bing imkoniyatlari integratsiya qilingan.

Natijada haydovchi yordamchi bilan oddiy buyruqlar emas, balki bir necha bosqichdan iborat muloqot olib borishi mumkin. Tizim suhbat kontekstini eslab qoladi, umumiy savollarga javob beradi, kerakli manzil va joylarni qidiradi.

Shuningdek, virtual yordamchi qo‘shiq nomi esdan chiqqan vaziyatlarda uning matnidan bir parcha yoki taxminiy tavsif asosida musiqa topishga ham yordam bera oladi.

Mercedes-Benz bu tizimni haydovchiga doimo hamroh bo‘ladigan raqamli yordamchi sifatida rivojlantirmoqda.

S-Class’dagi kabi proyeksion displey paydo bo‘ldi

Salonning asosiy qismida 12,3 dyuymli raqamli asboblar paneli va vertikal joylashtirilgan 11,9 dyuymli markaziy ekran mavjud.

Foto: Mercedes-Benz

Navigatsiya Google xizmatlari asosida ishlaydi. Qo‘shimcha haq evaziga kengaytirilgan reallik funksiyasiga ega proyeksion displeyni buyurtma qilish mumkin. Shunga o‘xshash texnologiya Mercedes-Benz S-Class va EQS modellarida ham qo‘llanadi.

Audio tizimiga talab yuqori bo‘lgan xaridorlar uchun 15 ta dinamikdan tashkil topgan Burmester 3D tizimi taklif etiladi. U Dolby Atmos formatini qo‘llab-quvvatlaydi.

Dvigatel kuchaytirildi

AQSh bozoriga mo‘ljallangan yangilangan C-Class 2,0 litrli to‘rt silindrli turbo benzin dvigateli va 48 voltli mild-hybrid tizimi bilan jihozlangan.

Benzin dvigatelining o‘zi 255 ot kuchi va 400 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi. Integratsiyalangan starter-generator qisqa muddatda yana 23 ot kuchi hamda 205 Nm qo‘shimcha moment bera oladi.

Past aylanishlarda dvigatelning javobini yaxshilash uchun elektr yordamchi kompressor ham qo‘shilgan.

Bundan tashqari, overboost rejimida tizim quvvatni taxminan 20 soniya davomida yana 27 ot kuchiga oshirishi mumkin.

Muhandislar osma tizimini qayta sozlagan va salonning shovqin izolatsiyasini ham yaxshilagan. Aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,24 gacha tushirilgan.

Foto: Mercedes-Benz

Orqa g‘ildiraklar ham buriladi

Yevropada C-Class uchun to‘liq boshqariladigan shassi ham taklif etiladi. Bunday tizimda orqa g‘ildiraklar 2,5 darajagacha burilishi mumkin.

Past tezlikda orqa g‘ildiraklar old g‘ildiraklarga qarama-qarshi yo‘nalishda burilib, avtomobilning manevr qilishini osonlashtiradi. Natijada sedan burilish diametri 43 sm ga qisqarib, 10,64 metr bo‘ladi.

Yuqori tezlikda esa tizim avtomobilning barqarorligini yaxshilashga xizmat qiladi.

Avtomobil atrofini 25 ta sensor kuzatadi

Yangilangan C-Class’ning haydovchiga ko‘maklashuvchi tizimlari sakkizta kamera, beshta radar va 12 ta ultratovush sensoridan ma’lumot oladi.

MB.DRIVE Parking Assist 360 endi standart jihozlar qatoriga kiradi. Tizim avtomobil atrofini 360 daraja ko‘rsatadigan kamera va takomillashtirilgan vizualizatsiyani o‘z ichiga oladi.

Yana bir yangi funksiya avtomobilga yaqinda bosib o‘tilgan yo‘lning bir qismini eslab qolib, undan avtomatik tarzda orqaga qaytish imkonini beradi. Bu tor ko‘chalar, berk yo‘llar yoki zich avtoturargohlarda foydali bo‘lishi mumkin.

Gibrid C-Class elektrda 100 km yuradi

Yevropadagi C-Class modellari assortimenti AQShnikidan kengroq bo‘ladi. Benzinli va dizel to‘rt silindrli versiyalardan tashqari, C-Class Estate universal kuzovi hamda C 400 e 4MATIC plug-in gibridi sotuvga chiqariladi.

Gibrid versiya 19,53 kVt/soat foydali sig‘imga ega akkumulyator bilan jihozlangan. WLTP sikli bo‘yicha u ichki yonuv dvigatelini ishga tushirmasdan 100 km gacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

Avtomobil o‘zgaruvchan tokda 11 kVt, doimiy tokdagi tezkor quvvatlash stansiyalarida esa 55 kVtgacha quvvatni qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Cobalt avtomobiliga chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek