Ronalduning Messi postiga yozgan izohi Instagram rekordini yangiladi

18-avgust 2026 08:09 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Ronalduning Messi postiga yozgan izohi Instagram rekordini yangiladi
Foto: Britaniya GQ

Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronalduning Lionel Messining Instagram’dagi postiga yozgan izohi platforma tarixidagi eng ko‘p layk to‘plagan kommentga aylandi. «Pravilmag» ma’lumotlariga ko‘ra, izohga 6,7 mln dan ortiq foydalanuvchi layk bosgan.

Ronaldu bu izohni Messining otasi Xorxe Messining vafotidan keyin e’lon qilingan post ostida qoldirgan.

Messi qanday post qoldirgan edi?

Lionel Messi 12-avgust kuni Instagram sahifasida otasi Xorxe Messiga bag‘ishlangan ta’sirli post e’lon qildi. Futbolchi otasi bilan tushgan suratini joylashtirib, uni «Seni yaxshi ko‘raman, dada» degan qisqa jumla bilan kuzatdi. Shu bilan birga, Messi otasiga bag‘ishlangan xayrlashuv maktubida uning hayoti va futbolchilik faoliyatidagi o‘rni haqida batafsil yozdi.

Messi otasisiz hayotini qanday davom ettirishni tasavvur qilish qiyinligini, hatto professional futbolni yana qancha vaqt davom ettirishi borasida shubhalari paydo bo‘lganini tan oldi. U Xorxe Messi bolaligidan boshlab uning yonida bo‘lgani, o‘yinlaridan keyin doimo otasining fikri va xabarini kutganini esladi.

Argentinalik futbolchi 2026-yilgi jahon chempionatida qatnashishiga ham otasining istagi katta ta’sir ko‘rsatganini yozgan. Xorxening sog‘lig‘i turnir boshlanishidan bir necha kun avval keskin yomonlashgan, shu sabab u o‘g‘lining o‘yinlarini avvalgidek stadiondan kuzata olmagan. Messi jahon chempionati finalida g‘alaba qozonib, sovrinni otasiga bag‘ishlashni xohlaganini ham bildirgan.

Ronaldu Messiga nima deb yozdi?

Foto: Instagram

Messining posti ostida ko‘plab futbolchilar va sport olami vakillari hamdardlik bildirdi. Ular orasida uning uzoq yillik asosiy sport raqibi Krishtianu Ronaldu ham bor edi.

«Shunday og‘ir damlarda seni va yaqinlaringni mahkam quchoqlayman, Leo. Sizlarga kuch tilayman», – deb yozdi Ronaldu.

Aynan shu qisqa izoh bir necha kun ichida millionlab layk yig‘di. 16-avgust holatiga ko‘ra, unga berilgan layklar soni 6,7 mln dan oshib, Instagram’dagi kommentlar orasida yangi rekord qayd etdi.

Avvalgi rekord ham Ronalduga tegishli edi

Qizig‘i, avvalgi rekord ham Krishtianu Ronalduga tegishli bo‘lgan. Uning Kilian Mbappe «Real Madrid»ga o‘tganini e’lon qilgan post ostidagi izohi qariyb 6,1 mln layk to‘plagan edi.

Messiga yozilgan hamdardlik izohi bu ko‘rsatkichdan qariyb 600 mingta layk ko‘proq yig‘ib, Ronalduning o‘z rekordini yangiladi.

Xorxe Messi 68 yoshida vafot etdi

Foto: Instagram/ Messi

Lionel Messining otasi Xorxe Messi 7-avgust kuni kechasi Argentinaning Rosario shahridagi klinikada uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng 68 yoshida vafot etdi. U o‘g‘lining faoliyati davomida eng yaqin maslahatchilaridan biri bo‘lgan va bir necha yil davomida uning vakili sifatida ham ishlagan.

Xorxe Messi Lionelning bolalik davridan boshlab uning futbolchilik yo‘lida muhim rol o‘ynagan. «Barselona» ham uning Messi faoliyatining dastlabki va eng muvaffaqiyatli yillaridagi hissasini alohida qayd etib, oilaga hamdardlik bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ronaldu va Jorjinaning to‘y lavhalari e’lon qilingani haqida yozgan edi.

Shuningdek