Tadbirkorlarga qo‘llanadigan barcha turdagi jarimalar ikki baravar kamaytiriladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Kelasi yildan tadbirkor aybi sudda isbotlanmaguncha unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi
Yong‘in
Foto: Facebook

Tadbirkorlarga qo‘llanadigan barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha ikki baravar kamaytiriladi. Shuningdek, kelasi yildan tadbirkor aybi sudda isbotlanmaguncha unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi. Bu haqda prezidentning tadbirkorlar bilan muloqotida ma’lum qilindi.

Davlat rahbari hozir 51 ta idora moliyaviy jarima qo‘llash vakolatiga ega ekanini qayd etdi. Ayrim idoralarda jarimadan tushgan mablag‘ning bir qismi o‘zida qolishi esa noto‘g‘ri rag‘bat yaratishi tanqid qilindi.

«Jarima mablag‘ yig‘ish uchun emas, sohada tartib-intizom va profilaktika uchun xizmat qilishi kerak», – dedi prezident.

Yangi yondashuvga ko‘ra, barcha turdagi jarimalar miqdori o‘rtacha ikki baravar qisqartiriladi. Shuningdek, davlat korxonalari xarid qilgan tovarlar bo‘yicha tadbirkorning zakalat pulini qaytarish jarayoni avtomatlashtiriladi.

Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi joriy etiladi

Kelasi yildan tadbirkor va davlat o‘rtasidagi nizolarda «Tadbirkorning haqlilik prezumpsiyasi» amal qiladi.

Ya’ni tadbirkorning aybi sudda isbotlanmaguncha u aybsiz hisoblanadi. Shu vaqtgacha unga jarima yoki boshqa ta’sir chorasi qo‘llanmaydi.

Birinchi xato uchun avval ogohlantiriladi

Shuningdek, «Birinchi xato uchun ogohlantirish» qoidasi joriy etiladi. Agar tadbirkor qoidani birinchi marta buzgan bo‘lsa va bu odamlar hayoti, sog‘lig‘i yoki mol-mulkiga zarar yetkazmagan bo‘lsa, unga kamchilikni bartaraf etish uchun 10 kun vaqt beriladi.

Nazorat organlari sud boji to‘laydi

Nazorat organlari birinchi instansiyadan keyingi har bir sud bosqichida davlat bojini to‘lashi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, Savdo-sanoat palatasi huzuridagi ekspert kengashiga bojxona, qurilish, sanitariya, karantin va veterinariya sohalaridagi nizolarni ham ko‘rib chiqish vakolati beriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kichik biznes tekshiruvlariga uch yilga moratoriy e’lon qilinishi haqida xabar berilgandi. Cheklov inson salomatligi va boshqa tadbirkorlar manfaatlariga zarar yetkazish bilan bog‘liq holatlarga tatbiq etilmaydi.

Shuningdek