
Chevrolet Traverse 2028 model yilida o‘rta sikl yangilanishidan o‘tadi. Krossoverning tashqi ko‘rinishi, saloni va multimedia tizimida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
GM Authority manbalariga ko‘ra, Chevrolet Traverse’ning 2028-yilgi versiyasi modelning 20 yilligiga to‘g‘ri keladigan yirik yangilanishlarni oladi. Buning uchun General Motors 2027-yilgi Traverse ishlab chiqarish muddatini odatdagidan qisqaroq qilishi mumkin. Kompaniya bunday model yilini «Limited» deb ataydi.
Tashqi ko‘rinish va salon yangilanadi
2028-yilgi Chevrolet Traverse’da old va orqa qism dizayni qayta ishlanishi kutilmoqda.
Shuningdek, salon bezaklari va infotainment tizimida ham yangilanishlar bo‘lishi mumkin. Ayrim texnik o‘zgarishlar ham ehtimoldan xoli emas, biroq hozircha ular haqida aniq ma’lumot berilmagan.
Hozirgi avlod 328 ot kuchiga ega

Amaldagi uchinchi avlod Traverse 2024 model yilida taqdim etilgan. U 2,5 litrli turbomotor bilan jihozlangan bo‘lib, 328 ot kuchi va qariyb 442 Nm aylantiruvchi moment ishlab chiqaradi. Dvigatel sakkiz pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan ishlaydi.
Ushbu motor avvalgi 3,6 litrli V6 dvigatel o‘rnini egallagan.
Model AQShda yaxshi sotilmoqda
2026-yilning birinchi yarmida Chevrolet Traverse savdosi AQShda o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 25,7 foizga oshgan.
Model shu sur’atda davom etsa, Traverse nomi 2009-yilda bozorga chiqqanidan beri eng yuqori yillik savdo natijasini qayd etishi mumkin.
2027-yilgi Chevrolet Traverse narxi AQShda yetkazib berish xarajatlari bilan birga $42,8 mingdan boshlanadi.
Ishlab chiqarish Michigan shtatida davom etadi

2028-yilgi Traverse GM C1-2 platformasida qoladi.
Model AQShning Michigan shtatidagi Lansing Delta Township zavodida ishlab chiqariladi. Shu zavodda GMC Acadia va Buick Enclave modellari ham yig‘iladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chevrolet Onix va Spin eng yaxshi xarid deb topilgandi. Reyting avtomobillarning narxi, jihozlanishi, ekspluatatsiya xarajatlari va boshqa ko‘rsatkichlarni hisobga olgan holda tuzildi.