Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi AES bo‘yicha tayyorgarlik boshlanishini ma’lum qildi

eʼlon qilindi
Jizzaxda AES qurilishi davom etmoqda
Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi AES bo‘yicha tayyorgarlik boshlanishini ma’lum qildi
Foto: prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha yaqin orada keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari boshlanishini ma’lum qildi. Bu haqda 17-avgust kuni Xorazm viloyatida yangi loyihalarni ishga tushirish va istiqbolli obyektlar qurilishini boshlash tadbirida gapirdi.

Ikkinchi AES qurilishiga tayyorgarlik boshlanadi

Prezident mamlakatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab kelgusi yillarda sezilarli oshishini ta’kidlab, atom energetikasini rivojlantirish zarurligini qayd etdi.

«Yaqin vaqt ichida ikkinchi atom elektr stansiyasi uchun ham katta tayyorgarlikni boshlaymiz», – dedi Mirziyoyev.

Unga ko‘ra, atom energetikasini rivojlantirish investorlarga elektr energiyasini kafolatli yetkazib berish va uning tannarxini pasaytirishda muhim ahamiyatga ega.

Investorlar uchun elektr energiyasi muhim

Davlat rahbari xorijiy investorlar mamlakatga sarmoya kiritishdan oldin, avvalo, elektr energiyasining narxi va uni kafolatli yetkazib berish imkoniyatlari bilan qiziqishini aytdi.

Mirziyoyevning ta’kidlashicha, 2030-yilgacha mo‘ljallangan rivojlanish strategiyasini amalga oshirish, elektr energiyasi yetkazib berish barqarorligini ta’minlash va uning tannarxini kamaytirish investitsiyalarni jalb qilishning muhim shartlaridan biridir.

Jizzaxda AES qurilishi davom etmoqda

Ayni paytda Jizzax viloyatining Forish tumanida integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi qurilmoqda. Loyiha ikkita yirik quvvatli VVER-1000 energobloki hamda har biri 55 MVt quvvatga ega ikkita RITM-200N reaktorli energoblokni o‘z ichiga oladi.

Stansiyaning umumiy quvvati 2,1 GVtdan oshadi.

4-iyun kuni Jizzax viloyatida integratsiyalashgan AESning birinchi energobloki uchun birinchi beton quyilishi bilan qurilishning rasmiy bosqichi boshlangan.

Ikkinchi AES uchun Forish tumani ko‘rib chiqilmoqda

Avvalroq «O‘zatom» rahbari Azizbek Axmadxadjayev Forish tumanidagi hudud kelajakda yana bir atom elektr stansiyasini qurish uchun istiqbolli maydonlardan biri ekanini bildirgan.

Ushbu hududda qo‘shimcha ikkita yirik energoblok joylashtirish imkoniyati mavjudligi aytilgan.

Avvalroq «Kursiv» nashri Jizzaxdagi AES loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston va Rossiya qo‘shma ishchi guruh tuzilishi haqida yozgandi.

Shuningdek