Qaysi banklarda ipoteka krediti bo‘yicha foiz stavkalari kam

Uy-joy sotib olish uchun taklif etilayotgan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari banklarda 0 foizdan 30 foizgacha, yashil ta’mir va oddiy ta’mir kreditlarida esa 18 foizdan 34,1 foizgacha yetmoqda. Ayrim banklarda ipoteka miqdori 4,12 mlrd so‘mgacha boradi.
Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi tijorat banklarining rasmiy saytlarida e’lon qilingan ma’lumotlar asosida uy-joy kreditlari bo‘yicha haftalik sharhni taqdim etdi.
Uy-joy uchun kredit

Birlamchi va ikkilamchi uy-joy bozorida banklarning ipoteka foiz stavkalari mahsulot va shartlarga qarab 0% dan 30% gacha bo‘lgan oraliqda shakllangan.
Eng yuqori kredit miqdori «BRB» tomonidan taklif qilinib, 4,12 mlrd so‘mgacha yetadi. «Ipak Yo‘li» bankida 3,48 mlrd so‘mgacha, «Universal bank»da 3 mlrd so‘mgacha, «Asakabank», «OFB» va «Ziraat Bank»da esa 2 mlrd so‘mgacha ipoteka olish imkoniyati mavjud.
Ayrim mahsulotlarda boshlang‘ich stavka 0% sifatida ko‘rsatilgan. Jumladan, «Apexbank»da stavka 0 – 25%, «Ipoteka bank»da 0 – 26,99% va «OFB»da 0 – 26% oralig‘ida taklif etilmoqda.
Eng yuqori stavkalardan biri «Garant bank»da qayd etilgan — 26 – 30%.
Ta’mir kreditlarida stavka 34,1% gacha chiqadi

Yashil ta’mir va oddiy ta’mir uchun kreditlarda foiz stavkalari 18 foizdan 34,1 foizgacha.
Eng past stavkalardan biri «Mikrokreditbank»da — 18%. Hamkorbank 19%, «SQB» 19%, Xalq banki esa 20 – 24% oralig‘ida kredit taklif qilmoqda.
Eng yuqori stavka «Davr bank»da qayd etilgan bo‘lib, ta’mir kreditlari 27,1 – 34,1% oralig‘ida beriladi.
Ta’mir uchun eng katta kredit «BRB»da
Ta’mir va yashil ta’mir kreditlari bo‘yicha eng yuqori summa «BRB»da — 1,442 mlrd so‘mgacha.
«OFB» 400 mln so‘mgacha, «Hamkorbank» 350 mln so‘mgacha, «Aloqabank», «Davr bank» va Xalq banki esa 300 mln so‘mgacha kredit taklif qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda 2027-yildan uy-joyni «rassrochka» orqali sotib olish mumkin bo‘lmaydi, degan xabarlar tarqalayotgandi. Aslida esa uylarni bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olish taqiqlanmaydi. O‘zgarishlar, asosan, bunday xizmatni ko‘rsatuvchi vositachi kompaniyalarga taalluqli.