Toshkentda kannabis moyi va 12,9 ming dona taqiqlangan kofe ushlandi

Toshkentda ikki alohida holatda tarkibida psixofaol va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan mahsulotlar aniqlandi. Aeroportda qariyb 1 kilogramm kannabis moyi va psixofaol modda mavjud qo‘ziqorinlar, Toshkent tumanida esa tarkibida sibutramin bo‘lgan 13 ming dona kofe mahsuloti ushlandi.
DXX va bojxona organlari xodimlari Toshkent xalqaro aeroportida «Bangkok – Toshkent» yo‘nalishida kelgan fuqaroning yuklarini rentgen apparati orqali tekshirdi. Tekshiruv vaqtida oziq-ovqat mahsulotlari orasida shubhali mahsulotlar aniqlangan.
Qariyb 1 kilogramm kannabis moyi olib kirilayotgani aniqlandi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida yashovchi 2002-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaro turli oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida 978 gramm kannabis moyi olib kirishga uringan.
Shuningdek, uning yuklari orasidan tarkibida psixofaol modda bo‘lgan, taxminiy og‘irligi 500 grammni tashkil etuvchi qo‘ziqorinlar ham aniqlangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ma’lumotiga ko‘ra, ushbu mahsulotlar keyinchalik sotish maqsadida olib kelingan.
Taqiqlangan kofe mahsuloti
Yana bir holat Toshkent tumani hududida qayd etildi.
Harakatlanib ketayotgan «Damas» avtomobili to‘xtatilib tekshirilganda, undagi ikki yo‘lovchiga tegishli polietilen paketlardan tarkibida «Sibutramin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi bo‘lgan 12 992 dona kofe mahsuloti topildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mahsulotlar qo‘shni davlatdan olib kelingan va Farg‘ona viloyatida sotilishi rejalashtirilgan.
Har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailanddan olib kelingan 4,6 kg mefedron ushlangandi.