AQShning davlat qarzi tarixdagi rekord darajaga yetdi

eʼlon qilindi
Milliy qarzi so‘nggi o‘n yil ichida ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 40 trln dollar chegarasidan o‘tdi
Foto: Aljazeera.com

AQShning milliy qarzi so‘nggi o‘n yil ichida ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 40 trln dollar chegarasidan o‘tdi. Bu haqda AQSh Moliya vazirligi xabar berdi

Qarzdorlik 10 yilda ikki baravarga oshdi

18-avgust holatiga ko‘ra, AQSh davlat qarzi 40,05 trln dollarni tashkil qilgan. 2016-yilda bu ko‘rsatkich 20 trln dollardan biroz kam edi.

AQSh Kongressining Budjet boshqarmasi (CBO) 2026-moliya yili yakuniga kelib davlat qarzi 39,6 trln dollarga yetishini prognoz qilgan edi. Amaldagi ko‘rsatkich esa bu prognozdan tezroq oshgan.

AQSh Moliya vazirligining ta’kidlashicha, davlat qarzi – federal hukumatning vaqt davomida yig‘ilgan jami qarz majburiyatlarini anglatadi.

Qarzdorlik nima sababdan oshmoqda

Qarzning o‘sishiga hukumat xarajatlarining yuqoriligi, budjet taqchilligi va qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining oshishi sabab bo‘lmoqda.

Federal hukumat xarajatlari tushumlardan oshib ketganida, farqni qoplash uchun qarz oladi. Bu esa umumiy davlat qarzining yanada ko‘payishiga olib keladi.

AQSh Moliya vazirligining 2025-moliya yili hisobotiga ko‘ra, 2025-yil 30-sentabr holatida qarzning davlat tasarrufidagi qismi 30,2 trln dollar, hukumat ichidagi qarz esa 7,3 trln dollar bo‘lgan.

AQSh qarz chegarasiga yaqinlashmoqda

AQSh uchun qonun bilan belgilangan qarz limiti 41,1 trln dollar etib belgilangan. 2025-yil iyulida ushbu chegara 36,1 trln dollardan 41,1 trln dollargacha oshirilgan.

Shu sababli 40,05 trln dollarlik qarz ko‘rsatkichi amaldagi limitdan atigi qariyb 1 trln dollar pastda turibdi.

CBO prognozlariga ko‘ra, davlat qarzi kelgusi yillarda ham o‘sishda davom etishi va 2036-yilga borib 64 trln dollar atrofida bo‘lishi mumkin.

Foiz stavkalari ham bosimni kuchaytirmoqda

Davlat qarzining o‘sishi bilan birga AQSh hukumatining qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari ham ortmoqda.

Uzoq muddatli AQSh davlat obligatsiyalari bo‘yicha daromadlilikning yuqori bo‘lishi hukumatning yangi qarzlarini qimmatroq qiladi. Bu jarayon xususiy sektor uchun kreditlar, ipoteka va boshqa qarzlar narxiga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

AQSh Moliya vazirligi 9-sentabrdan 4-noyabrgacha obligatsiyalarni qayta sotib olish operatsiyalarini kamida ikki baravarga – 2 mlrd dollardan 4 mlrd dollargacha oshirishini ma’lum qilgan.

AQSh iqtisodiyoti uchun xavf nimada

AQSh davlat qarzining YaIMga nisbati ham yuqori darajada qolmoqda. Moliya vazirligi qarzning YaIMga nisbati davlatning qarz yukini baholashda qarzning mutlaq hajmidan ko‘ra muhimroq ko‘rsatkich ekanini ta’kidlaydi.

2025-moliya yili yakunida AQSh hukumatining moliyaviy hisobotida jami federal qarz va foiz majburiyatlari 30,3 trln dollarni tashkil qilgan.

Qarzning tez sur’atlarda o‘sishi kelajakda hukumat xarajatlarining katta qismini foiz to‘lovlariga yo‘naltirishga olib kelishi mumkin. Bu esa yangi xarajatlarni moliyalashtirish imkoniyatlarini cheklashi ehtimolini oshiradi.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan savdo qiladigan yoki unga moliyaviy yordam ko‘rsatadigan davlatlar «juda katta iqtisodiy oqibatlar»ga duch kelishini aytgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek