
Chevrolet Cobalt va Onix O‘zbekistonda kundalik foydalanish uchun mo‘ljallangan ommaviy sedanlar qatoriga kiradi. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida 40,9 ming dona Cobalt, 19,5 ming dona Onix modellari sotilgan.
«Kursiv» nashri bilan suhbatda bo‘lgan Avtomobillar bo‘yicha ekspert Komil Sulaymonov va Automotive Exhibition korxonasi art-direktori Aziz Sayidov Cobalt va Onix’ni uzoq muddat yaxshi holatda saqlash uchun faqat moy almashtirish bilan cheklanib qolmaslik kerakligini ta’kidladi.
Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
- Cobalt va Onix nimasi bilan farq qiladi;
- Cobalt’dan foydalanishda nimalarga e’tibor berish kerak;
- Onix’dan foydalanishda nimalarga e’tibor berish kerak;
- Haydash uslubi avtomobil umriga qanday ta’sir qiladi;
- Issiq, chang va quyoshdan qanday himoyalash kerak.
Cobalt va Onix nimasi bilan farq qiladi

Cobalt va Onix bir xil sedan segmentida uchrasa-da, ularning texnik yondashuvi sezilarli darajada farq qiladi.
Chevrolet Cobalt 1,5 litrli atmosfera dvigatel bilan jihozlangan. Rasmiy ma’lumotlarda uning maksimal quvvati 106 ot kuchi, yonilg‘i sarfi esa 6,7 litr deb ko‘rsatilgan. Avtomobil mexanik yoki olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan taklif qilinadi. Cobalt’ning katta ustunliklaridan biri — 563 litrli yukxona.
Onix esa yangi avlod platformasiga asoslangan bo‘lib, 1,2 litrli atmosfera yoki turbo dvigatelga ega. Atmosfera versiyasi 90 ot kuchi, turbo esa 132 ot kuchi ishlab chiqaradi. Onix’ning yukxona hajmi 469 litr, yonilg‘i baki esa 44 litr.
Demak, Cobalt texnik jihatdan nisbatan sodda atmosfera dvigateliga tayansa, Onix’da yuqori komplektatsiyalarda kichik hajmli, lekin yuqori quvvat beradigan turbo motor ishlatiladi. Bu esa ularga xizmat ko‘rsatishda ham biroz boshqa yondashuvni talab qiladi.
Biroq Komil Sulaymonovning fikricha, avtomobil qancha xizmat qilishi ko‘p hollarda aynan model nomidan ko‘ra uning egasiga bog‘liq.

«Normal xizmat ko‘rsatilsa, avtomobillar O‘zbekiston sharoitida uzoq vaqt foydalanilishi mumkin. Bu yerda ko‘proq egasiga bog‘liq: moy o‘z vaqtida almashtiriladimi, sovitish tizimi nazorat qilinadimi, sifatli yonilg‘i ishlatiladimi va kichik nosozliklar ortga surilmayaptimi», — deydi u.
Ekspert avtomobilni zavod belgilagan maksimal servis oralig‘igacha majburan olib borish hamma sharoitda ham maqbul emasligini ta’kidlaydi. Chunki O‘zbekistondagi yuqori yozgi harorat, chang va tirbandlik motor, sovitish tizimi va filtrlar uchun qo‘shimcha yuklama yaratishi mumkin.
Cobalt’dan foydalanishda nimalarga e’tibor berish kerak
Cobalt uzoq yillardan beri O‘zbekiston yo‘llarida foydalanib kelinayotgani sabab uning ekspluatatsiyasi ko‘plab haydovchilar uchun yaxshi tanish. Nisbatan sodda atmosfera motor avtomobilning asosiy afzalliklaridan biri. Ammo bu Cobalt umuman e’tibor talab qilmaydi degani emas.

Aziz Sayidov birinchi navbatda Cobalt’ning yonilg‘i tizimiga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritishda ehtiyot bo‘lishni tavsiya qiladi.
«Cobalt’ni metan yonilg’isiga o’tkazilishi uning uzoq muddatli ekspluatatsiyasiga zarar qilishi mumkin», — deydi ekspert.
Gaz uskunasini o‘rnatish O‘zbekistonda keng tarqalgan amaliyot bo‘lsa-da, avtomobilning zavoddan belgilangan yonilg‘i tizimidan tashqariga chiqish dvigatelning ishlash sharoitini o‘zgartiradi. Shu sabab bunday qarorda faqat yonilg‘i narxidan olinadigan iqtisod emas, avtomobil uzoq muddat qanday ishlashi ham hisobga olinishi kerak.
Sayidov Cobalt uchun moy va tormoz kolodkalarini vaqtida almashtirishni, eng muhimi, zavod reglamentiga rioya qilishni tavsiya qiladi.
«Moy va kolodkalarni vaqtida almashtirish, zavod reglamentiga rioya qilish avtomobillar umrini uzaytiradi», — deydi u.
Bunda motor moyi faqat dvigatel ichidagi ishqalanishni kamaytiradigan suyuqlik emas. U yuqori haroratda ishlayotgan detallarni himoya qiladi va dvigatel ichidagi ifloslanishning boshqarilishiga yordam beradi. Moyni uzoq cho‘zib yurish, ayniqsa avtomobil kun davomida ko‘p marotaba ishga tushiriladigan va tirbandliklarda ishlaydigan bo‘lsa, motorning eskirishini tezlashtirishi mumkin.

Komil Sulaymonov ham moy bilan birga moy filtri, havo filtri va salon filtrini nazorat qilishga alohida e’tibor beradi.
«Eng muhimi — motor moyi va moy filtrini muntazam almashtirish, havo va salon filtrlarini kuzatish, tormoz tizimi, sovitish suyuqligi, shamlar va osma holatini tekshirib turish. Ayniqsa avtomobil doim shaharda yursa, servis intervalini cho‘zishni maslahat bermayman», — deydi ekspert.
Cobalt’da konditsioner ishlashiga ham e’tibor qaratish kerak. Sayidovning kuzatuviga ko‘ra, modelning salonni sovitish tizimi yangi modellardagiga nisbatan sustroq ishlashi mumkin. Shu sabab yoz oldidan konditsioner, filtr va radiatorlarning holatini tekshirtirish foydali.
Avtomobilning osma qismi ham O‘zbekiston yo‘llarida muntazam tekshiruv talab qiladigan elementlardan. Chuqurga tezlik bilan tushish nafaqat shina va diskka, balki amortizator, tayanch va boshqa yurish qismlariga ortiqcha zarba beradi.
Cobalt’ni uzoq saqlashning muhim qismi — uning soddaligidan noto‘g‘ri foydalanmaslik. Model chidamli degan tasavvur texnik xizmatni kechiktirish uchun sabab bo‘lmasligi kerak.
Onix’dan foydalanishda nimalarga e’tibor berish kerak
Onix’da vaziyat biroz boshqacha. Ayniqsa 1,2 litrli turbo versiyada dvigatel kichik hajmdan 132 ot kuchi oladi. Bu zamonaviy motor texnologiyasining afzalligi, lekin uning moy, sovitish va ishlash haroratiga e’tibor bilan munosabatda bo‘lishini ham talab qiladi.

Aziz Sayidovning aytishicha, Onix’da propan ishlatilgan holatlarda modelning ko‘rsatkichlariga jiddiy salbiy ta’sir kuzatilmagan.
«Onix’da propan yonilg’isini ishlatish uning ko’rsatkichlariga yomon ta’sir qilmagan», — deydi ekspert.
Biroq bu har qanday gaz uskunasi yoki istalgan sozlash avtomatik ravishda xavfsiz degani emas. Ekspertning boshqa muhim ogohlantirishi avtomobilning dasturiy ta’minotiga aralashish bilan bog‘liq.
«Proshivka’ga (qayta dasturlash) berilib ketmaslik. Dasturiy ta’minotdagi o’zgarishlar uzatmalar qutisiga zarar keltirishi mumkin», — deydi Sayidov.
So‘nggi yillarda avtomobilni qayta dasturlash orqali gaz pedali reaksiyasini o‘zgartirish, quvvatni oshirish yoki uzatmalar qutisining ishlash algoritmiga aralashish ommalashgan. Bunday o‘zgarish dastlab avtomobilni tezroq yoki «jonliroq» his qildirishi mumkin, lekin ishlab chiqaruvchi hisoblagan motor va transmissiya ish rejimini o‘zgartiradi.
Shu sabab Onix’ni uzoq muddat saqlamoqchi bo‘lgan haydovchi uchun zavod sozlamasida foydalanish konservativroq va xavfi kamroq yo‘l hisoblanadi.
Komil Sulaymonov avtomatik uzatmalar qutisini asrashda haydash uslubining ahamiyatini ham alohida qayd etadi.

«Rulda keskin startlar, doimiy yuqori aylanishlarda yurish va keskin tormozlashdan qochish kerak. Sovuq motorni yuqori yuklama ostida uzoq ishlatish ham to‘g‘ri emas. Dvigatel ishga tushirilgach, qisqa muddat ishlashiga imkon berib, dastlabki bir necha kilometrni tinch rejimda bosib o‘tish yetarli. Avtomatik uzatmalar qutisi uchun doimiy keskin tezlanish va qizib ketish ayniqsa zararli», — deydi ekspert.
Bu tavsiya Onix Turbo uchun ayniqsa dolzarb. Motorni ishga tushirgach uzoq vaqt joyida qizdirish shart emas, biroq moy va motor normal ish haroratiga yetmasdan keskin gaz berish ham maqsadga muvofiq emas.
Onix egasi sovitish tizimini ham unutmasligi kerak. Yozda havo harorati yuqori bo‘lganda motor va konditsioner bir vaqtning o‘zida katta yuklama ostida ishlaydi. Radiatorning chang bilan qoplanishi issiqlik almashinuvini yomonlashtirishi mumkin.
Sulaymonov O‘zbekiston sharoitida aynan sovitish tizimi, konditsioner, havo filtri, osma, tormozlar va ayrim rezina elementlarga yuklama kuchayishini qayd etadi.
«Issiq dvigatel va konditsionerga yuklamani oshiradi, chang filtrlar va radiatorlarni tezroq to‘sadi, yomon yo‘llar esa yurish qismining eskirishini tezlashtiradi. Shuning uchun radiatorlarni vaqti-vaqti bilan tozalash, dvigatel haroratini kuzatish va osmani tez-tez ko‘rikdan o‘tkazish kerak», — deydi u.
Haydash uslubi avtomobil umriga qanday ta’sir qiladi

Avtomobilni yaxshi saqlash faqat servis markazida bajariladigan ish emas. Haydovchi har kuni rulda qiladigan harakatlar ham uning resursiga ta’sir qiladi.
Aziz Sayidov keskin tezlashish va tormozlash avtomatik uzatmalar qutisiga ortiqcha bosim tushirishini ta’kidlaydi.
«To’satdan tormozlanish va to’satdan to’xtash uzatmalar qutisini katta bosim ostida ishlashiga sabab bo’ladi», — deydi u.
Komil Sulaymonov ham xuddi shu fikrni davom ettiradi. Doimiy ravishda gaz pedalini keskin bosish, yuqori aylanishlarda yurish, chuqurlardan tezlikda o‘tish va avtomobilni me’yoridan ortiq yuklash uning ayrim qismlarining resursini qisqartiradi.
Bunday foydalanish bir kunda avtomobilni ishdan chiqarmaydi. Eskirish sekin yig‘ilib boradi. Masalan, chuqurlardan qo‘pol o‘tish avvaliga faqat noqulay zarba sifatida sezilishi mumkin, keyinchalik esa osma qismlari, disk yoki shinalarda xarajat chiqaradi.
Shina bosimini doimiy nazorat qilish ham oddiy, ammo muhim odatlardan biri. Noto‘g‘ri bosim shinaning bir tekis eskirmasligiga, avtomobil boshqaruvining o‘zgarishiga va yonilg‘i sarfining ko‘payishiga olib kelishi mumkin.
Issiq, chang va quyoshdan qanday himoyalash kerak
O‘zbekiston sharoitida avtomobil uchun muammo faqat yo‘l emas. Yozda uzoq vaqt ochiq quyosh ostida qolish salon materiallari, plastik detallar va bo‘yoq qoplamasining qarishiga ta’sir qiladi.

Komil Sulaymonov avtomobil salonini imkon qadar doimiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyoshdan himoya qilishni tavsiya qiladi.
«Salonda doimiy ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh tushishiga yo‘l qo‘ymaslik yaxshiroq — buning ta’sirida plastik va qoplama tezroq eskiradi», — deydi ekspert.
Aziz Sayidov ham xuddi shu masalaga e’tibor qaratadi.
«Tikka quyosh nurlaridan iloji boricha saqlash va avtomobilni o’z vaqtida yuvish foydali bo’ladi», — deydi u.
Mashinaning iflos yurishi faqat estetik muammo emas. Ayrim organik iflosliklar avtomobil lak-bo‘yoq qatlamiga zarar yetkazishi mumkin.
Sayidov, ayniqsa, qush axlati yoki tut mevasi dog‘ini kuzovda uzoq vaqt qoldirmaslikni tavsiya qiladi. U kuzovga himoya plyonkasi yopishtirish va salonga chexol qo‘yishni ham avtomobilni tashqi eskirishdan himoyalash usullaridan biri sifatida ko‘rsatadi.

Himoya plyonkasi ishlatilganda ham ishning sifati muhim. Noto‘g‘ri o‘rnatilgan material yoki sifatsiz mahsulot keyinchalik alohida muammo tug‘dirishi mumkin.
Avtomobilni keyinchalik qimmatroq sotish uchun nima qilish kerak
Cobalt yoki Onix’ni yaxshi saqlashning yana bir iqtisodiy tomoni bor. Texnik va tashqi holati yaxshi avtomobil ikkilamchi bozorda xaridorga ko‘proq ishonch beradi.
Aziz Sayidovning fikricha, sotishda kuzovning holati birinchi o‘rinda turadigan mezonlardan.
«Bo’yoq tozaligi (ayniqsa yo’l halokatiga uchramaganlik), kam yurganlik (probeg kamligi), rang tanlovi (oq yoki qora ranglar ommabop), salonning holati avtomobil sotishda eng asosiy kriteriyalar hisoblanadi», — deydi u.
Shu sabab arzimas tirnalishni yashirish uchun sifatsiz kuzov ta’miri qilish yoki arzon detal qo‘yish keyinchalik aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Komil Sulaymonov avtomobilning servis tarixini saqlashga alohida urg‘u beradi.

«Avtomobil yaxshi saqlanishi va keyin qimmatroq sotilishi uchun eng muhimi — muntazam xizmat ko‘rsatish va bajarilgan ishlar tasdig‘ini saqlash. Kichik nosozliklarni katta buzilish bo‘lishini kutmasdan darhol bartaraf etgan ma’qul. Sifatsiz kuzov ta’miri va avtomobil holatiga ta’sir qiladigan arzon detallardan qochish kerak. Yaxshi saqlangan kuzov, toza salon, soz texnika va tushunarli servis tarixi avtomobilning ikkilamchi bozordagi jozibadorligini sezilarli oshiradi», — deydi u.
Buning uchun bajarilgan servislar, moy va filtr almashtirilgan sanalar, kerak bo‘lsa xarid cheklari yoki servis hujjatlarini saqlab borish foydali. Kelajakdagi xaridor avtomobilga qanday munosabatda bo‘linganini shunday tarix orqali ko‘ra oladi.
Cobalt va Onix egasi bilishi kerak bo‘lgan asosiy usullar
Cobalt va Onix’ni uzoq saqlash uchun murakkab «sir» yo‘q. Ko‘p hollarda natijani oddiy, ammo muntazam odatlar belgilaydi.
Moyni vaqtida almashtirish, filtrlarni chang bilan to‘lib ketguncha kutmaslik, radiator va sovitish tizimini nazorat qilish, keskin tezlanish va tormozlanishni kundalik haydash uslubiga aylantirmaslik avtomobilga sezilarli foyda beradi.
Shuningdek, chuqurlardan ehtiyotkor o‘tish, shina bosimini tekshirish, avtomobilni ortiqcha yuklamaslik, kuzovdagi agressiv iflosliklarni o‘z vaqtida yuvish va salonni doimiy quyoshdan himoyalash kerak.
Onix egasi uchun turbo motor va avtomatik transmissiyaga ehtiyotkor munosabat, dasturiy qayta sozlashlarga berilib ketmaslik ayniqsa muhim. Cobalt egasi uchun esa modelning konstruktiv soddaligiga haddan ortiq ishonib, texnik xizmatni kechiktirib yubormaslik kerak.
Avvalroq «Kursiv» Chevrolet Cobalt avtomobiliga chegirma e’lon qilingani haqida yozgan edi.