Enterprise Uzbekistan to‘g‘risidagi Konstitutsiyaviy qonun imzolandi

Shavkat Mirziyoyev «Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Hujjat Enterprise Uzbekistan uchun 2100-yilgacha maxsus huquqiy rejimni belgilaydi hamda global texnologiya kompaniyalari, startaplar va investorlarni jalb etish uchun alohida sharoit yaratadi.
Qonunga ko‘ra, Enterprise Uzbekistan doirasida korporativ va tijorat munosabatlari, investitsiyalar, mehnat, ma’lumotlar va intellektual mulkni himoya qilish, sun’iy intellekt, ta’lim, soliq va bojxona masalalari uchun maxsus tartib amal qiladi.
Markaz faoliyatida Angliya va Uels umumiy huquqi elementlari hamda yetakchi xalqaro moliya markazlari tajribasi hisobga olinishi mumkin. Ish yuritishning rasmiy tili ingliz tili bo‘ladi.
Investorlar va kompaniyalar uchun alohida tartib
Tasdiqlangan faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar Enterprise Uzbekistan rezidenti bo‘lishi mumkin. Markazda yangi kompaniyalar tashkil etish, xorijiy yuridik shaxslarning filial va vakolatxonalarini ochishga ruxsat beriladi.
Investorlar investitsiya hajmi va yo‘nalishini mustaqil belgilashi, olingan daromadni erkin tasarruf etishi mumkin. Qonunda aktivlar va mulkiy huquqlarni milliylashtirish, ekspropriatsiya qilish, musodara etish yoki muzlatishdan himoya qilish kafolatlari ham nazarda tutilgan.
Yangi texnologiyalar 12 oygacha sinovdan o‘tkaziladi
Markazda «Tartibga solish qumdoni» tizimi ishlaydi. U orqali yangi texnologiyalar, mahsulotlar va xizmatlarni nazorat ostidagi sharoitda 12 oygacha sinovdan o‘tkazish mumkin bo‘ladi.
Sinov ishtirokchilari ayrim qonunchilik talablaridan vaqtincha ozod etilishi, litsenziya va ruxsatlarni soddalashtirilgan tartibda olishi mumkin.
Agar loyiha samarali va xavfsiz deb topilsa, u Enterprise Uzbekistan hududida doimiy joriy etilishi yoki keyinchalik O‘zbekistonning boshqa hududlariga kengaytirilishi mumkin.
Ayrim soliqlar bo‘yicha nol stavka belgilanadi
Enterprise Uzbekistan doirasida alohida soliq modeli joriy etiladi. Maxsus rejimdagi faoliyat uchun asosan QQS, foyda solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i saqlanadi.
Eksport va Markaz ichidagi faoliyat uchun foyda solig‘i hamda QQS stavkasi 0% etib belgilanadi. Xorijiy xodimlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i ham 0 foiz bo‘ladi.
Maxsus rejimdagi investitsiyalardan olingan dividendlar va boshqa daromadlar bo‘yicha investorlar uchun ham soliq imtiyozlari nazarda tutilgan.
Xorijiy mutaxassislarga uch yilgacha viza beriladi
Enterprise Uzbekistan’da ishlaydigan xorijiy mutaxassislarga uch yilgacha muddatga kirish vizasi berilishi mumkin.
Markazda masofadan ishlash, moslashuvchan ish jadvali va mehnatga haq to‘lashning turli shakllaridan foydalanishga ruxsat etiladi.
Shuningdek, Markaziy bank bilan kelishilgan holda xorijiy banklar filiallarini ochish imkoniyati yaratiladi.
Sun’iy intellekt va ta’lim loyihalariga imkoniyat yaratiladi
Qonun sun’iy intellekt texnologiyalarini tadqiq qilish, ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va joriy etish uchun huquqiy asos yaratadi.
Markaz hududida xorijiy universitetlar filiallari, akademiyalar, tadqiqot institutlari va o‘quv markazlari tashkil etilishi mumkin.
Shaxsiy ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlashda bulutli texnologiyalardan foydalanishga ham ruxsat beriladi.
Nizolar Toshkent xalqaro tijorat sudida ko‘riladi
Maxsus huquqiy rejim doirasida yuzaga keladigan fuqarolik, iqtisodiy, korporativ va mehnat nizolari Toshkent xalqaro tijorat sudi yurisdiksiyasiga kiritiladi.
Enterprise Uzbekistan’ning oliy organi Prezident raisligidagi Boshqaruv kengashi bo‘ladi. Markaz ma’muriyati esa qoidalarni ishlab chiqish, rezidentlarni qo‘llab-quvvatlash, infratuzilmani rivojlantirish va yangi loyihalarni boshqarish bilan shug‘ullanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent xalqaro moliya markazi qanday tashkil etilishi haqida yozgandi.