«O‘zbekfilm» «burni»gacha qarzga botgani ma’lum bo‘ldi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Kinostudiya 22,9 mln yevro miqdoridagi kredit majburiyati ostida qolgan
Foto: O‘zbekfilm

«O‘zbekfilm» kinostudiyasi 22,9 mln yevro miqdoridagi kredit majburiyati ostida qolgan. Bundan tashqari, korxonaning davlat soliqlari bo‘yicha 1 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorligi mavjud. Bu haqda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma’lum qildi.

Kinostudiya mulklari kredit uchun garovga qo‘yilgan

Jahongir Ahmedovning aytishicha, «O‘zbekfilm»ning kredit majburiyatlari 22,9 mln yevroga yetadi. Kredit ta’minoti sifatida kinostudiyaning mol-mulki, shu jumladan, yer maydonlari ham garovga qo‘yilgan.

Agentlik rahbari kinostudiyani moliyaviy muammolardan chiqarish va garovdagi aktivlarini saqlab qolish hozirgi asosiy vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.

12 ta avtomobil auksionga chiqarilishi mumkin

Kinostudiyaning soliq qarzdorligi ham muammoli holatga kelgan. 1 mlrd so‘mdan ortiq qarz sababli «O‘zbekfilm» balansidagi 12 ta avtomobil 12 kun ichida auksionga chiqarilishi xavfi mavjud.

Bundan tashqari, korxonada xodimlarning ish haqlari bo‘yicha ham qarzdorlik shakllangan.

Ahmedovga ko‘ra, kinostudiya o‘z faoliyatini barqaror davom ettirishi uchun yiliga kamida 60 mlrd so‘mlik buyurtma bajarishi kerak. Hozirgi biznes modeli esa davlat buyurtmalariga kuchli darajada bog‘langan.

«O‘zbekfilm»ni isloh qilish rejalashtirilmoqda

Kinematografiya agentligi direktori kinostudiyani shunchaki saqlab qolish yetarli emasligini bildirgan. Uning fikricha, korxonani zamonaviy boshqaruv tizimiga ega, moliyaviy jihatdan barqaror va bozor sharoitida mustaqil faoliyat yurita oladigan kino kompaniyasiga aylantirish zarur.

Shuningdek, xususiy investitsiyalarni jalb qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va kinostudiya mahsulotlarini bozorga olib chiqish asosiy yo‘nalishlardan bo‘lishi kerak.

«O‘zbekfilm» haqida

«O‘zbekfilm»ga 1925-yilda asos solingan. Dastlab kinostudiya «Sharq yulduzi» deb atalgan. 1936-yilda unga «O‘zbekfilm» nomi berilgan. Ikkinchi jahon urushi davrida studiya «Toshkent kino studiyasi» nomi bilan faoliyat yuritgan, 1958-yilda esa «O‘zbekfilm» nomi qayta tiklangan.

Kinostudiya shu vaqtgacha 400 dan ortiq to‘liq metrajli va 100 dan ziyod animatsion filmlar ishlab chiqargan. «Maftuningman» va «Mahallada duv-duv gap» kabi mashhur kartinalar ham shu yerda yaratilgan.

Avvalroq AQShning milliy qarzi so‘nggi o‘n yil ichida ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 40 trln dollar chegarasidan o‘tgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek