Qarzga botgan «O‘zbekfilm» va Toshkent ijara bozori — 21-avgust yangiliklari

Qarzga botgan «O‘zbekfilm» va asal oyi «otmen» bo‘lgan Ronaldu – 21-avgust yangiliklari Kursiv Uzbekistan dayjestida.
«O‘zbekfilm» «burni»gacha qarzga botgani ma’lum bo‘ldi
«O‘zbekfilm» kinostudiyasi 22,9 mln yevro miqdoridagi kredit majburiyati ostida qolgan. Bundan tashqari, korxonaning davlat soliqlari bo‘yicha 1 mlrd so‘mdan ortiq qarzdorligi mavjud. Bu haqda Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov ma’lum qildi.
Jahongir Ahmedovning aytishicha, «O‘zbekfilm»ning kredit majburiyatlari 22,9 mln yevroga yetadi. Kredit ta’minoti sifatida kinostudiyaning mol-mulki, shu jumladan, yer maydonlari ham garovga qo‘yilgan.
Asal oyi «otmen»: to‘y tugashi bilan Ronaldu mashg‘ulotga yugurdi

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning to‘yi ko‘pchilik kutganidek katta tantana bilan o‘tmadi. Yulduzli juftlik Portugaliyadagi o‘z uyida yaqinlari davrasida nikohini nishonladi.
Marosimda ulardan tashqari faqat besh nafar farzandi ishtirok etgan.
Juftlik to‘y ortidan uzoq dam olishni ham rejalashtirmagan. Ronaldu yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish uchun Saudiya Arabistoniga qaytib, «Al-Nasr» mashg‘ulotlariga qo‘shilgan.
Husanovning «Siti»si yangi mavsumini «Bornmut»ga qarshi boshlaydi

O‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov to‘p tepadigan «Manchester Siti» 23-avgust kuni Angliya Premyer-ligasining 2026/27-yilgi mavsumidagi ilk uchrashuvini o‘tkazadi. Manchester klubi o‘z maydonida «Bornmut»ni qabul qiladi. Bu haqda klubning rasmiy sahifasida xabar berilgan.
Uchrashuv 23-avgust kuni Manchester shahridagi «Etihad» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Bahs 14:00 da boshlanadi. Bu Toshkent vaqti bilan soat 18:00 ga to‘g‘ri keladi.
Mazkur uchrashuv «Manchester Siti»ning yangi Premyer-liga mavsumidagi birinchi o‘yini bo‘ladi. Klubning rasmiy sayti ham «Bornmut» bilan bahs 2026/27-yilgi kampaniyani boshlashini tasdiqlagan.
Qiziqchi Shukurullo Isroilov yangi ishga o‘tdi

Aktyor va san’atkor Shukurullo Isroilov Toshkent shahar madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu ma’lumotni uning administratori Kursiv Uzbekistan’ga tasdiqladi.
Shukurullo Isroilov 1970-yil 14-yanvarda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Musiqa maktabida rubob yo‘nalishida tahsil olgan.
Ijara uy-joy bozori: Toshkentda kvartira topish qanday qiyinlashdi

Toshkentda kvartira ijaraga olish endi oddiy vazifa emas. Narxlar hududlarga qarab ikki-uch baravargacha farq qiladi, e’lonlarning katta qismi maklerlar orqali o‘tadi, ba’zilari esa umuman haqiqiy emas. Shu bilan birga, ijarachilar komissiyadan qochish uchun uy egasini to‘g‘ridan to‘g‘ri izlashga, uy egalari esa ishonchli mijoz topish uchun aynan maklerlarga murojaat qilishga moyil. Vaziyatni yaxshiroq tushunish uchun Kursiv Uzbekistan ijarachi, uy egasi va makler bilan alohida suhbatlashib, ularning tajribasini o‘rgandi.
Ronalduning futbolkasi Messinikidan ancha arzonga sotildi

Lionel Messi va Krishtianu Ronalduning futbolkalari bir auksionda sotildi. Yakunda argentinalik futbolchining 2012-yilda «Manchester Yunayted»ga qarshi o‘yinda kiygan futbolkasi portugaliyalik yulduznikidan qariyb 6 baravar qimmatga sotildi. Bu haqda Talksport nashri xabar berdi.
Messining «Barselona»dagi futbolkasi 48 608 funt sterlingga (784 mln so‘mdan ortiqroq) sotilgan. Ronaldu esa «Real Madrid»da o‘ynagan davrida kiygan futbolkasi uchun 7 795 funt sterling (125 mln so‘m atrofida) taklif qilingan.
22 – 23-avgustda yetti viloyatda sel xavfi kutilmoqda

22 – 23-avgust kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab O‘zbekistonning bir qator tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel hamda suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. «O‘zgidromet»ga ko‘ra, ayrim joylarda yomg‘ir suvlari to‘planib, hududlarni suv bosish xavfi ham mavjud.
«Qizaloq va maymoq» multfilmi Ukrainada taqiqlandi

Ukraina «Qizaloq va maymoq» multserialini yaratish va tarqatishda ishtirok etgan rossiyalik besh nafar shaxs hamda to‘rtta tashkilotga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Cheklovlar qatoriga multserialni ishlab chiqaruvchi «Animakkord» studiyasi rahbariyati va uning ijodkorlari ham kiritilgan. Bu haqda Ukraina prezidenti ofisi ma’lum qildi.
Ukraina tomoni cheklovlar «Animakkord» studiyasiga, uning asoschisi va bosh direktoriga, shuningdek, multserial ssenariy muallifi, rejissyori va prodyuseriga taalluqli ekanini bildirgan.
Toshkentda «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasi joriy etiladi: poytaxtda nimalar o‘zgaradi

Toshkentda shahar infratuzilmasini rivojlantirish, transport yuklamasini kamaytirish va aholiga xizmatlarni yashash joyiga yaqinlashtirishga qaratilgan yangi rejalar ma’lum qilindi.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning «O‘zA»ga bergan intervyusida aytishicha, asosiy maqsad – aholining vaqtini va shahar resurslarini tejaydigan, yashil va qulay poytaxtni barpo etish.
Buxoroga yiliga 10 mln sayyoh jalb qilish rejalashtirilmoqda

Buxoro viloyatida turizm, irrigatsiya va ijtimoiy infratuzilma bo‘yicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Asosiy maqsad Buxoroga yiliga 10 mln sayyoh jalb qilish va viloyatni tranzit hududdan to‘laqonli sayyohlik maskaniga aylantirishdir. Bu haqda Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva ma’lum qildi.
Saida Mirziyoyeva Buxoroga tashrifi davomida may oyida belgilangan vazifalar ijrosi va erishilgan natijalar bilan tanishganini bildirdi.