
Rollme kompaniyasi AuraView va ProView modellaridan iborat yangi View Series aqlli ko‘zoynaklarini taqdim etdi. $100 lik qurilmalar 12 MP Sony kamerasi, sun’iy intellekt funksiyalari va real vaqt rejimida tarjima qilish imkoniyatiga ega.
Sony kamerasi va 4 GB xotira
Gizmochina nashri ma’lumotiga ko‘ra, ko‘zoynaklarga 12 MP Sony IMX386 sensori o‘rnatilgan. U orqali foydalanuvchi surat va video olishi mumkin.
Suratga olish uchun korpusda alohida jismoniy tugma mavjud. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, suratga olish jarayoni taxminan 0,6 soniya davom etadi. Video elektron barqarorlashtirish tizimi yordamida tasvirga olinadi, barcha materiallar esa 4 GB ichki xotirada saqlanadi.
Sun’iy intellekt real vaqt rejimida tarjima qiladi
View Series’ning asosiy imkoniyatlaridan biri sun’iy intellekt funksiyalaridir. Ikki chipli platforma ChatGPT kabi modellar asosida ishlovchi ovozli yordamchini qo‘llab-quvvatlaydi.
Ko‘zoynaklar obyektlar va diqqatga sazovor joylarni taniy oladi, bosma matnlarni tarjima qiladi hamda suhbatlarni real vaqt rejimida boshqa tilga o‘giradi.
Ovoz uchun quloqqa yaqin joylashtirilgan yo‘naltirilgan dinamiklar javob beradi. Ular musiqa tinglash va qo‘ng‘iroqlarga javob berish vaqtida atrofdagi tovushlarni ham eshitish imkonini saqlab qoladi.
Qurilma Bluetooth 5.4 va Wi-Fi 6 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. 280 mA·soat sig‘imli akkumulyator bir quvvatlanishda 10–12 soatgacha ishlashi mumkin. Biroq kamera va tarjima funksiyalaridan faol foydalanilganda bu muddat qisqarishi mumkin.
AuraView metall yarim romli korpus va jigarrang linzalarga ega. ProView esa plastikdan tayyorlangan to‘liq romli konstruksiyada ishlab chiqarilgan. Har ikki model to‘q rangli va shaffof linzalar bilan taqdim etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta aqlli ko‘zoynaklariga sun’iy intellekt yordamida foydalanuvchilarning ovqatlanishini kuzatish funksiyasini qo‘shayotgani haqida xabar bergan edi.