Toshkentda «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasi joriy etiladi: poytaxtda nimalar o‘zgaradi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Yuzga yaqin ko‘chalar 24/7 ishlaydi
Belgiya Toshkentda elchixona ochadi
Foto: IQAir

Toshkentda shahar infratuzilmasini rivojlantirish, transport yuklamasini kamaytirish va aholiga xizmatlarni yashash joyiga yaqinlashtirishga qaratilgan yangi rejalar ma’lum qilindi.

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning «O‘zA»ga bergan intervyusida aytishicha, asosiy maqsad – aholining vaqtini va shahar resurslarini tejaydigan, yashil va qulay poytaxtni barpo etish.

Maktab, bog‘cha va poliklinika 15 daqiqalik masofada

Poytaxtda «15 daqiqalik shahar» konsepsiyasini bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, aholining kundalik ehtiyojlari – maktab, bog‘cha, poliklinika, savdo, sport va dam olish maskanlari uyidan piyoda yoki velosipedda 15 daqiqada yetib boriladigan masofada bo‘lishi kerak.

Bu orqali fuqarolarning shaharning boshqa hududlariga qatnash zarurati kamayadi. Natijada yo‘llardagi transport oqimi ham qisqarishi kutilmoqda.

Bugungi kunda Toshkent aholisi 3,1 milliondan oshgan, poytaxt yo‘llarida esa har kuni 1 milliondan ortiq avtomobil harakatlanadi.

Har bir hudud uchun infratuzilma oldindan hisoblanadi

Yangi qurilishlarda alohida bino qurishdan ko‘ra, butun hududni kompleks rejalashtirishga o‘tiladi. Bunda kvartaldagi aholi soniga qarab maktab, bog‘cha, poliklinika, yashil hudud va avtoturargohlar soni oldindan belgilanadi.

Shundan keyingina qurilishga ruxsat berilishi ko‘zda tutilmoqda.

35 ta bozor modernizatsiya qilinadi

Poytaxtdagi 35 ta davlat bozori va savdo majmuasi investorlarga taklif etilmoqda. Biroq hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, mavjud bozorlarni yopish yoki ularning faoliyatini to‘xtatish rejalashtirilmagan.

Investorlar oldiga bir qator shartlar qo‘yiladi. Jumladan, savdo rastalarini zamonaviy shaklda qayta tashkil etish, amaldagi tadbirkorlarning ish o‘rinlarini saqlab qolish va yetarli sig‘imdagi avtoturargohlar qurish talab etiladi.

Yuzga yaqin ko‘cha 24/7 ishlaydi

Toshkentda umumiy uzunligi 140 kilometrga yaqin bo‘lgan qariyb 100 ta ko‘cha turli toifalarga ajratilgan. Ular orasida mahalliy dam olish hududlari, sayyohlik va gavjum ko‘chalar mavjud.

Hozirning o‘zida 8 ta ko‘cha tunu kun ishlaydigan formatda sinov tariqasida faoliyat yuritmoqda. Bu hududlarda nafaqat infratuzilmani yaxshilash, balki xizmat ko‘rsatish va tadbirlarni tashkil etish uchun boshqaruv kompaniyalarini jalb qilish rejalashtirilgan.

200 ming avtomobilga avtoturargoh

Poytaxtda ko‘p qavatli va yerosti avtoturargohlarini tashkil etish uchun joylar ham belgilangan. Ularning umumiy sig‘imi 200 mingta avtomobilga mo‘ljallangan.

Tegishli hududlar bosqichma-bosqich auksionga chiqariladi. Avtoturargoh uchun ajratilgan yerlarning boshqa maqsadlarda foydalanilishiga yo‘l qo‘ymaslik masalasi ham nazoratga olinadi.

585 ta mahallada kitobxonlik burchaklari

Yangi rejalarda kitobxonlikni rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Toshkentdagi barcha 585 ta mahallada bosqichma-bosqich kitobxonlik burchaklarini tashkil qilish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 12 ta tumanning har birida zamonaviy va interaktiv kutubxona qurilishi ko‘zda tutilgan. Yirik savdo markazlarida ham kitob do‘konlari tashkil etilishi majburiy talab sifatida belgilanadi.

«Moviy gumbazlar» kitobxonlik markaziga aylantiriladi

Toshkentdagi «Moviy gumbazlar» hududini mutolaa madaniyatiga ixtisoslashgan jamoat makoniga aylantirish rejalashtirilgan.

Loyiha doirasida hududning tarixiy qiyofasini tiklash va uni kitobxonlar uchun qulay maskanga aylantirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, gavjum va sayyohlik ko‘chalarida imtiyozli shartlarda kitob do‘konlari va kitob kafelarini ochish rejalashtirilmoqda.

Maqsad — qulay va yashil Toshkent

Shahar hokimining ta’kidlashicha, amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi – Toshkentni aholining kundalik ehtiyojlarini yaqin masofada qondirish mumkin bo‘lgan, transport yuklamasi kamroq, yashil va qulay shaharga aylantirish.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan hokimlik dizayn-kod bo‘yicha yondashuvini qayta ko‘rib chiqqani haqida yozgandi.

Shuningdek