Surxondaryoda 3 kg dan ortiq giyohvandlik moddasi musodara qilindi

Surxondaryo viloyatida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda 3 kg dan ortiq narkotik modda musodara qilindi. Uchta holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Denovda qariyb 2 kg opiy va gashish topildi
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlarini o‘tkazdi.
Denov tumanida 1980-yilda tug‘ilgan, avval giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxsning yashash xonadoni ko‘zdan kechirildi.
Natijada u sotish maqsadida 1 kg 7 gramm opiy va 998 gramm gashish saqlab kelayotgani aniqlandi.
Yana bir holatda tumandagi 1986 va 1966-yillarda tug‘ilgan ikki fuqaro 491 gramm gashishni shartli xaridorga 85 mln so‘mga sotayotgan vaqtda ushlandi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu shaxslar ham avval giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan.
Termizda Afg‘oniston fuqarosi ushlandi
Viloyat markazida qayd etilgan yana bir holatda 2003-yilda tug‘ilgan Afg‘oniston fuqarosi «Termiz xalqaro savdo markazi» hududida 506 gramm opiyni shartli xaridorga $2,5 mingga sotayotgan paytda qo‘lga olindi.
Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini qo‘shni davlatdan yashirin olib kirishda o‘z tanasidan «jonli konteyner» sifatida foydalangan.
Hozirda barcha holat yuzasidan tegishli shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailanddan olib kelingan 4,6 kg mefedron ushlangandi. DXX ma’lumotiga ko‘ra, «Bangkok – Toshkent» yo‘nalishidagi aviareys bilan kelgan, 2004-yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan hamda 1993-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan ikki nafar fuqaro Toshkent xalqaro aeroportida tekshiruvdan o‘tkazilgan.