Chorvoqda 20 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida yiliga 50 mln kVt·soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradigan yangi shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Loyiha Xitoyning 28 mln dollarlik beg‘araz granti hisobidan amalga oshirilgan.
4 ta zamonaviy turbina o‘rnatildi
20-avgust kuni ochilgan stansiyada har biri 5 MVt quvvatga ega 4 ta shamol turbinasi o‘rnatilgan. Umumiy quvvati 20 MVt bo‘lgan obyekt qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga xizmat qiladi.
20 mingta xonadonni elektr bilan ta’minlaydi
Stansiya yiliga 50 mln kVt·soatgacha ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Bu qariyb 20 mingta xonadonning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash imkonini beradi.

Tabiiy gaz tejaladi
Yangi stansiyaning ishga tushirilishi mamlakat energetika tizimi barqarorligini oshirish bilan birga, har yili yuz minglab kub metr tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Shuningdek, shamol energiyasidan foydalanish natijasida atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari miqdori ham kamayadi.
Loyiha Xitoy granti asosida amalga oshirildi
Loyihaga Xitoy tomonidan $28 mln miqdorida beg‘araz grant ajratilgan. Obyektning ochilish marosimida Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi, mahalliy hokimliklar hamda energetika va qurilish sohasi vakillari ishtirok etdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Mirziyoyev O‘zbekistonda ikkinchi AES bo‘yicha tayyorgarlik boshlanishini ma’lum qilgani haqida yozgandi.