«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi» esdalik nishoni bilan kimlar taqdirlanadi

O‘zbekiston prezidenti mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan faol va munosib xizmatlari bilan ajralib turgan yurtdoshlarni maxsus esdalik nishoni bilan taqdirlash tartibini belgiladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Farmonda Mustaqillikning 35 yilligi mamlakatning istiqlol davrida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini sarhisob qilish va kelgusi rejalarni belgilashda muhim sana ekani qayd etilgan.
Kimlar munosib ko‘riladi
Esdalik nishoni mamlakat iqtisodiy qudratini oshirish, tadbirkorlik va xususiy sektorni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholi farovonligini oshirishga hissa qo‘shayotgan yurtdoshlarga beriladi.
Shuningdek, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, tinchlik-osoyishtalik, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlash hamda O‘zbekistonning xalqaro obro‘sini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotganlar ham taqdirlanadi.
Ro‘yxatlar tasdiqlanadi
Vazirlar Mahkamasi davlat organlari, tashkilotlar, jamoat birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan nomzodlar ro‘yxatini belgilangan tartibda ko‘rib chiqib, tasdiqlaydi.
Nishonlar tantanali topshiriladi
Esdalik nishonlari Mustaqillik bayrami munosabati bilan o‘tkaziladigan tadbirlarda prezident nomidan tantanali ravishda topshiriladi.
Bu vazifa Senat Raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri, Bosh vazir, vazir va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda boshqa mas’ul rahbarlarga yuklatilgan.
Tadbirlar keng yoritiladi
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa OAVga esdalik nishonlarini topshirish tadbirlarini keng yoritish tavsiya etilgan.
Farmon ijrosini nazorat qilish Bosh vazir Abdulla Aripov va Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga yuklatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tadbirkorlar kuni munosabati bilan bir guruh soha vakillari mukofotlangani haqida yozgandi.