OTMdagi bo‘sh o‘rinlarga kimlar hujjat topshira oladi

Oliy ta’lim muassasalarida to‘ldirilmay qolgan vakant o‘rinlarga hujjat topshirish bo‘yicha asosiy talablar ma’lum qilindi.
Kirish imtihonlarida qatnashib, kamida 56,7 ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar vakant o‘rinlar uchun ariza berishi mumkin.
Shuningdek, qabulning tanlov bosqichida OTM va ta’lim yo‘nalishini tanlamagan abituriyentlar ham bo‘sh o‘rinlarga hujjat topshirish huquqiga ega.
5 tagacha yo‘nalish tanlash mumkin
Abituriyentlar fanlar majmuasiga mos keladigan va vakant o‘rin mavjud bo‘lgan 5 tagacha ta’lim yo‘nalishini tanlashi mumkin.
Bunda OTM bilan birga ta’lim shaklini ham tanlash mumkin. Jumladan:
- kunduzgi;
- kechki;
- masofaviy ta’lim.
Ariza qanday topshiriladi
Vakant o‘rinlar uchun ariza Bilim va malakalarni baholash agentligining my.uzbmb.uz saytida abituriyentning shaxsiy kabineti orqali topshiriladi.
Buning uchun shaxsiy kabinetdagi «Vakant o‘rinlar uchun ariza berish» bo‘limidan foydalanish kerak.
Grant beriladimi
Vakant o‘rinlarga qabul bazaviy to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar to‘plagan ballari yuqoridan pastga qarab saralanadi va mavjud vakant o‘rinlar doirasida talabalikka tavsiya etiladi.
Shu sababli 56,7 ball to‘plagan bo‘lishning o‘zi talabalikka kirishni kafolatlamaydi – yakuniy natija abituriyentlarning ballari va mavjud bo‘sh o‘rinlarga bog‘liq.
Arizalar qachongacha qabul qilinadi
Vakant o‘rinlar uchun arizalar 22-avgustdan 28-avgustgacha qabul qilinadi.
Qabul yakunlanganidan so‘ng vakant o‘rinlarga tavsiya etilgan abituriyentlar ro‘yxati bir hafta ichida e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Ayrim ta’lim yo‘nalishlarida barcha o‘rinlar to‘lib bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bunday yo‘nalishlarga qo‘shimcha qabul amalga oshirilmaydi. Abituriyentlar faqat to‘ldirilmay qolgan vakant o‘rinlar mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarni tanlashi mumkin.
Avvalroq O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda darslar boshlanish sanalari belgilangandi. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili 2-sentabrdan boshlanadi.