Shaxmat olimpiadasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar nimaga sarflanmoqda — federatsiya izoh berdi

eʼlon qilindi
Prezident qarorida Olimpiadaga tayyorgarlik uchun har yili 50 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilangan
Foto: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekistonda 15 – 27-sentabr kunlari Samarqand shahrida 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boʻlib oʻtadi. Unda 200 ga yaqin jamoalar ishtirok etadi. Bu haqda 24-avgust kuni Xalqaro shaxmat akademiyasida Olimpiadaga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytildi.

Anjumanda Kursiv Uzbekistan jurnalisti prezidentning 150-sonli qarorida Olimpiadaga tayyorgarlik uchun har yili 50 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilanganini eslatib, hozirga qadar ushbu maqsadlar uchun qancha mablag‘ yo‘naltirilgani va u qaysi yo‘nalishlarga sarflangani haqida savol berdi.

O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi bosh kotibi Boburjon Sattorovning aytishicha, mazkur mablag‘lar faqat musobaqaning o‘zini o‘tkazish yoki tashkiliy ishlar uchun emas, balki Olimpiadaga kompleks tayyorgarlik ko‘rishga yo‘naltirilayotganini ma’lum qildi.

Uning ta’kidlashicha, mablag‘lar sportchilar tayyorgarligi, murabbiylar faoliyati, o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari hamda sportchilarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi kabi yo‘nalishlarga sarflanmoqda.

«Bu aynan Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik ko‘rish uchungina ajratilgan mablag‘lar edi», – dedi Sattorov.

Biroq u hozirgacha qancha mablag‘ sarflangani bo‘yicha aniq raqamni keltirmadi. Uning ta’kidlashicha, xarajatlarning to‘liq hisob-kitobi Olimpiada yakunlanganidan keyin ma’lum bo‘ladi. Shuningdek, jarayon davomida ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha xarajatlar ham yuzaga kelishi mumkinligi qayd etildi.

Sattorovning so‘zlariga ko‘ra, Samarqanddagi Olimpiadada qariyb 200 ta jamoa va 4 mingdan ortiq rasmiy vakil ishtirok etishi kutilmoqda. Bu avvalgi Olimpiadalarga nisbatan tashkiliy yuklamaning sezilarli oshishini anglatadi.

Matbuot anjumanida, shuningdek, Olimpiadaga tayyorgarlik jarayoni shaxmatni ommalashtirish ishlari bilan birgalikda olib borilayotgani ta’kidlandi. Jumladan, mablag‘lar yosh iqtidorlarni aniqlash va ularni yuqori darajadagi shaxmatchilar sifatida tayyorlashga ham xizmat qilayotgani aytildi.

Avvalroq qozog‘istonlik grossmeyster Bibisora Asaubayeva sentabr oyida O‘zbekistonga keladi. U 15 – 27 sentabr kunlari Samarqandda o‘tkaziladigan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida Qozog‘iston terma jamoasi safida ishtirok etishi haqida xabar berilgandi.

Shuningdek