Mirziyoyev Zelenskiyni Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi bilan tabrikladi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyga mamlakat Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tabrik maktubi yo‘lladi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining X sahifasida yozdi.
Tabriknoma 24-avgust kuni ukrain tilida yuborilgan. Unda Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va davlat rahbari sifatidagi faoliyatida muvaffaqiyat tilagan. Ukraina xalqiga esa tinchlik va farovonlik tilaklari bildirilgan.
Hamkorlikni rivojlantirishga urg‘u berildi

O‘zbekiston prezidenti ikki mamlakat o‘rtasidagi an’anaviy do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan aloqalar kelgusida ham izchil davom etishiga ishonch bildirgan.
Vladimir Zelenskiy, o‘z navbatida, tabrik uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. Ukraina rahbari O‘zbekiston bilan do‘stona munosabatlarni qadrlashini ta’kidlab, savdo, iqtisodiyot va boshqa yo‘nalishlardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligini qayd etdi.
Zelenskiy, shuningdek, O‘zbekiston prezidentiga sog‘liq va muvaffaqiyat, O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik hamda farovonlik tiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev AQSh delegatsiyasini qabul qilgani haqida yozgandi.