Mustaqillik bayrami arafasida 163 ta yangi obyekt ishga tushirildi

eʼlon qilindi
Ularning umumiy qiymati qariyb 50 trln so‘m
Mustaqillik bayrami arafasida 163 ta yangi obyekt ishga tushirildi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda Mustaqillikning 35 yilligi arafasida umumiy qiymati qariyb 50 trln so‘mlik 163 ta yangi obyekt foydalanishga topshirildi. Shavkat Mirziyoyev ishtirokida hududlardagi yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlat rahbari so‘nggi o‘n yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti hajmi 2,5 barobardan ziyod oshganini ta’kidladi. Shu davrda iqtisodiyotga $160 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilingan, umumiy qiymati $76 mlrdlik 2,2 mingta yirik sanoat loyihasi ishga tushirilgan.

Qariyb 6 mln aholi doimiy ish o‘rni bilan ta’minlangan.

«Biz xomashyo eksport qilgan davlatdan uni chuqur qayta ishlash zanjiri asosida tayyor mahsulotni jahon bozoriga olib chiqadigan iqtisodiyotga o‘tyapmiz», – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Joriy yilning o‘zida $1,7 mlrdlik 56 ta yirik sanoat va servis obyekti ish boshladi. Ular hisobiga 8,8 mingta yuqori daromadli ish o‘rni yaratildi.

Energetika va sanoatda yangi quvvatlar yaratildi

Foto: prezident matbuot xizmati

Yangi investitsiya loyihalari energetika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, metallurgiya, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish materiallari, tog‘-kon, to‘qimachilik va yengil sanoat sohalarini qamrab olgan.

Sirdaryo viloyatida 1 573 megavatt quvvatga ega elektr energiyasi ishlab chiqarish obyekti ishga tushirildi. Qoraqalpog‘istonda 200 megavattli shamol elektr stansiyasi va 100 megavattli energiya saqlash tizimi foydalanishga topshirildi. Navoiy viloyatidagi yangi energetika loyihalari yiliga 657 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.

Andijon, Namangan va Jizzaxdagi yangi to‘qimachilik, trikotaj va gilam ishlab chiqarish korxonalari eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi. Samarqand va Toshkent viloyatlarida ishga tushirilgan metallurgiya korxonalari esa import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqaradi.

91 ta ijtimoiy soha obyekti ham ochildi

Marosim doirasida 36 ta bolalar bog‘chasi, 43 ta maktab, 7 ta oliy ta’lim muassasasi va 3 ta shifoxona foydalanishga topshirildi. Yangi Toshkentda 10 gektar maydonda barpo etilgan Yangi O‘zbekiston universiteti majmuasi ham yangi obyektlar qatoridan joy oldi. Bu yerda 7 ming talaba tahsil olishi mumkin.

Universitetda Garvard universiteti bilan hamkorlikda Rektorlar maktabi ish boshladi. Oksford universiteti bilan birgalikda davlat xizmatchilari malakasini oshirish uchun «Ta’lim xabi» tashkil etilishi rejalashtirilgan. 1-oktabrdan esa Sun’iy intellekt instituti faoliyat boshlaydi.

Yangi Milliy kutubxonada 200 mingdan ortiq kitoblar jamlandi

Foto: prezident matbuot xizmati

30 ming kvadrat metr maydonda qurilgan besh qavatli yangi Milliy kutubxona bir vaqtning o‘zida 1,5 ming kitobxonga xizmat ko‘rsata oladi. Kutubxonada 28 dan ortiq o‘quv xonalari va zal, turli sig‘imdagi konferensiya zallari mavjud. Fondga 200 mingdan ortiq kitoblar jamlangan.

Qarshi shahrida qiymati 400 mlrd so‘mlik Iqtisodiyot va pedagogika universitetining yangi binolari ham ishga tushirildi. Bu yerda 3 ming talaba tahsil oladi va 700 kishi ish bilan ta’minlanadi. Farg‘ona viloyatidagi yangi tibbiyot muassasasida yiliga 60 ming bemorni davolash va 30 ming ayolni skriningdan o‘tkazish imkoniyati yaratilgan.

Infratuzilmaga 46 trln so‘m yo‘naltirildi

Budjetdan ajratilgan 46 trln so‘m hisobidan 385 ta maktab, 113 ta bog‘cha va 81 ta shifoxona qurildi, ta’mirlandi yoki rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, 7,5 ming kilometr yo‘l va 3,2 ming kilometr ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tarmoqlarida qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Marosim yakunida Prezident ramziy tugmani bosib, 72 ta yirik investitsiya loyihasi va 91 ta ijtimoiy soha obyektini foydalanishga topshirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Zelenskiyni Ukraina Mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklagani haqida xabar berilgandi. Tabriknoma 24-avgust kuni ukrain tilida yuborilgan. Unda Shavkat Mirziyoyev Vladimir Zelenskiyga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va davlat rahbari sifatidagi faoliyatida muvaffaqiyat tilagan.

Shuningdek