Toshkentdagi ayrim tashkilotlarda ish kunini soat 8:00 dan boshlash taklif qilindi

Toshkent shahar hokimligi shahar va tuman hokimliklari, boshqarmalar hamda ularga qarashli bo‘linmalarda ish vaqtini soat 8:00 dan 17:00 gacha etib belgilashni taklif qilmoqda. Taklif jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi, so‘rovnoma natijalari 28-avgust kuni e’lon qilinadi.
Bunda ish kunining umumiy davomiyligi o‘zgarmaydi. Ya’ni xodimlar faqat ishni bir soat ertaroq boshlaydi va bir soat ertaroq tugatadi.
Hokimlikning tushuntirishicha, hozir ko‘plab ijtimoiy muassasalar, davlat tashkilotlari va korxonalarda ish kuni soat 8:00 da boshlanadi. Shu sababli shahar xizmatlarining ham ayni vaqtdan boshlab fuqarolarga xizmat ko‘rsatishga tayyor bo‘lishi maqsadga muvofiq deb hisoblanmoqda.
Transport tirbandligini kamaytirish maqsad qilingan
Yo‘l harakatini tashkil etish markazi o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, tashkilotlarda ish boshlanish vaqtlarini turlicha belgilash ertalabki tig‘iz vaqtda transport oqimini kamaytirishga yordam berishi mumkin.
Yangi grafik joriy etilsa, tushlik vaqti ham mos ravishda o‘zgartiriladi. Bu kun davomida yo‘llar va umumiy ovqatlanish obyektlariga tushadigan yuklamani bir maromda taqsimlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, turli idoralar ish vaqtining uyg‘unlashishi bir nechta tashkilot ishtirokini talab qiladigan masalalarni tezroq hal etish imkonini berishi aytilmoqda.
Yakuniy qaror aholi fikridan keyin qabul qilinadi
Toshkent shahar hokimligi taklif yuzasidan aholi o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazmoqda.
Agar tashabbus ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlansa, u belgilangan tartibda kasaba uyushmalari bilan kelishish uchun taqdim etiladi. So‘rovnoma natijalari 2026-yil 28-avgust kuni sarhisob qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 6 oyda 506 ming aholi doimiy ishga joylashtirilgani haqida xabar berilgandi. Shu davrda ishsizlik darajasi 4,8 foizdan 4,5 foizgacha kamaydi.