Tramp vizalar uchun 103 ming dollar yig‘im joriy etmoqchi

eʼlon qilindi
Prezident har bir nomzoddan $103 ming miqdorida yig‘im undirishni taklif qildi
Foto: Forbes.com

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati xorijlik mutaxassislar uchun H-1B ish vizalarini olishda har bir nomzoddan qariyb $103 ming miqdorida yangi yig‘im undirishni taklif qildi. Bu avvalgi $100 minglik yig‘imni joriy etish haqidagi qaror sud tomonidan bekor qilinganidan keyin ilgari surildi. Bu haqda Bloomberg normativ hujjatga tayanib xabar berdi.

Iyun oyida Massachusets shtatidagi federal sud H-1B vizalari uchun $100 minglik yig‘im joriy etilishini bekor qilgandi. Sud mazkur to‘lovni Kongress ma’qullashi kerakligini aytgan.

Endi AQSh hukumati yangi H-1B vizasini oladigan har bir nomzod uchun qariyb $103 minglik yig‘im joriy etishni taklif qilmoqda. Avvalgi tashabbusdan farqli ravishda, yangi to‘lov deyarli barcha yangi viza oluvchilarga tatbiq etilishi mumkin.

Ma’muriyat yangi yig‘imni viza dasturi va immigratsiya nazorati bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash zarurati bilan izohlamoqda. Hukumat hisob-kitoblariga ko‘ra, yangi to‘lov yiliga qariyb $8,8 mlrd mablag‘ yig‘ishi mumkin. Ushbu mablag‘lar Immigratsiya va bojxona nazorati xizmati hamda immigratsiya sudlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Yangi yig‘im vizalarni uzaytirishga tatbiq etilmasligi kutilmoqda. Shuningdek, ayrim shifoxonalar, notijorat tashkilotlari va universitetlarda ishlaydigan mutaxassislar undan ozod qilinishi mumkin.

H-1B dasturi doirasida har yili xorijlik mutaxassislar uchun 85 mingta viza ajratiladi. Ularning amal qilish muddati uch yildan olti yilgacha bo‘lishi mumkin.

Tramp 2025-yil sentabrida H-1B vizalarini berishga $100 minglik yig‘im joriy etgandi. Ma’muriyat buni dasturdan haddan tashqari foydalanishni cheklash zarurati bilan izohlagan. Shundan so‘ng Microsoft, Alphabet, Amazon kabi yirik texnologik kompaniyalar H-1B vizasiga ega xodimlariga AQShdan chiqib ketmaslikni tavsiya qilgan.

2026-yil fevralida The Washington Post, ABC News va Ipsos tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomada amerikaliklarning aksariyati Tramp ma’muriyatining migrantlarni deportatsiya qilish kampaniyasi haddan tashqari kuchayib ketgan deb hisoblashini bildirgan.

Avvalroq AQSh federal sudi O‘zbekiston ham kirgan 75 davlat fuqarolariga immigratsion vizalar berishni to‘xtatib qo‘ygan Tramp ma’muriyati siyosatini noqonuniy deb topgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek