
Argentina futboli afsonasi Diego Maradona 1986-yilgi Jahon chempionatida Angliyaga qarshi o‘yinda «Xudoning qo‘li» nomi bilan tarixga kirgan golni urgan to‘p kimoshdi savdosida $3,35 millionga sotildi. Bu haqda ESPN nashri xabar berdi.
Biroq bu narx uning dastlabki bahosidan qariyb $5 millionga past bo‘ldi.
Adidas Azteca to‘pi AQShdagi Heritage Auctions auktsionida sotilgan. Mutaxassislar uni $10 millionga baholagan, boshlang‘ich narx esa $2,5 million etib belgilangan edi.
Bir o‘yinda ikki tarixiy gol
Maradona 1986-yilgi Jahon chempionatining chorak finalida Angliyaga qarshi uchrashuvda Argentina uchun ikkita gol urgan. Dastlabki golida u to‘pni qo‘li bilan darvozaga yo‘llagan. Hakam golni hisobga olgan va bu epizod keyinchalik «Xudoning qo‘li» nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Maradona maydon markazidan to‘pni olib, Angliyaning bir nechta futbolchisini aldab o‘tgan va darvozabon Piter Shiltonni ham chalg‘itib, ikkinchi golni urgan. Ushbu gol keyinchalik FIFA tomonidan «Asr goli» deb e’tirof etilgan.
To‘p hakamda 36 yil saqlangan
Uchrashuvni boshqargan tunislik hakam Ali Bin Nosir o‘yindan so‘ng to‘pni o‘zida olib qolgan va uni 30 yildan ortiq vaqt davomida saqlagan.
2023-yilda Bin Nosir ushbu to‘p aynan o‘sha uchrashuvda foydalanilgan yagona to‘p ekanini tasdiqlovchi hujjatni imzolagan. To‘pning haqiqiyligi mustaqil ekspertlar tomonidan ham tasdiqlangan.
Ushbu buyum 2022-yilda ham auksionga qo‘yilib, $2,37 millionga sotilgan edi. Keyinchalik yangi egasi uni 2023-yilda yana savdoga chiqargan, biroq takliflar belgilangan minimal narxga yetmagani sababli sotuv amalga oshmagan.
Maradonaning Angliyaga qarshi o‘sha uchrashuvda kiygan futbolkasi esa 2022-yilda Sotheby’s auktsionida $9,28 millionga sotilib, o‘sha paytda sport liboslari uchun rekord o‘rnatgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mayk Taysonning Ferrari avtomobili qanchaga baholangani haqida yozgandi.