«Elektr uzildi» degan gap odamlarning esidan chiqib ketdi — hokim

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov O‘zbekistonda elektr ta’minoti bo‘yicha vaziyat sezilarli yaxshilanganini ta’kidladi. Uning aytishicha, endilikda «elektr uzildi» degan ibora odamlar hayotidan deyarli chiqib ketgan. Shavkat Abdurazzoqov bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimida so‘zlagan nutqida ma’lum qildi.
«Elektr uzildi degan gap odamlarning esidan chiqdi»
«Bitta narsaga amin bo‘lib, hamma aytyaptiki, O‘zbekistonda, Namanganda «elektr uzildi» degan gap odamlarning esidan chiqib ketdi», – dedi viloyat hokimi.
Uning ta’kidlashicha, bu natija prezidentning so‘nggi yillardagi islohotlari samarasi sifatida ko‘rilmoqda.
Namanganda yangi elektr stansiyalari qurilmoqda
Hokim viloyatda elektr ishlab chiqarish quvvatlari kengaytirilayotganini qayd etdi.
Namanganning o‘zida ikkita 500 megavattlik quyosh elektr stansiyasi, Uchqo‘rg‘on, Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlarida qariyb 300 megavatt quvvatga ega GESlar qurilayotgani aytildi. Pop tumanida esa yana 200 megavattlik loyiha amalga oshirilmoqda.
Abdurazzoqov nutqini Qirg‘iziston bilan chegaradosh Uchqo‘rg‘on tumanining chekka hududida barpo etilgan energiya saqlash tizimidan turib so‘zladi.
Loyiha to‘liq quvvatda ishga tushirilgach, O‘zbekiston elektr tarmog‘iga yiliga qariyb 580 mln kVt·soat elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyati yaratilishi kutilmoqda.
Viloyatga 2026-yilda $3,2 mlrd investitsiya kiritildi
Hokimning ma’lum qilishicha, Namanganga 2025-yilda $4 mlrd investitsiya kiritilgan. 2026-yilning dastlabki sakkiz oyida esa bu ko‘rsatkich $3,2 mlrdga yetgan.
Yil yakunigacha viloyatga $5 mlrd investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Ozarbayjon bilan hamkorlikda umumiy qiymati $210 mln bo‘lgan uchta loyiha ishga tushirilgani ma’lum qilindi.
1,3 ming kilometr ichki yo‘l ta’mirlanadi
Abdurazzoqov Namanganda yo‘l infratuzilmasiga ham katta e’tibor qaratilayotganini bildirdi.
Uning aytishicha, 2026-yilda viloyatda 1,3 ming kilometr ichki yo‘l ta’mirlanadi va yaxshilanadi. So‘nggi yillarda esa Namanganda jami 6,4 ming kilometr ichki yo‘l asfaltlangan.
Hokim kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirishga va’da berdi
Viloyat hokimi joriy yilda barcha manbalar hisobidan Namanganda 12 trln so‘mlik investitsiyalar o‘zlashtirilayotganini ma’lum qildi.
U yil yakuniga qadar kambag‘allikni qisqartirish va ishsizlikni bartaraf etish bo‘yicha belgilangan vazifalar bajarilishini ta’kidladi.
«Biz sizga va’da beramiz, yil yakuni bilan oldimizga qo‘ygan kambag‘allikdan chiqarish, ishsizlikni bartaraf qilish bo‘yicha topshiriqlarni bajaramiz», – dedi Shavkat Abdurazzoqov.
Avvalroq qo‘shni mamlakat energetika tizimida yuz bergan avariya Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga ta’sir ko‘rsatgan va oqibatda O‘zbekistonning Surxondaryo va boshqa ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgandi.