Jizzaxda 13,6 kg opiy yashirilgan xufiya joy aniqlandi

eʼlon qilindi
Hozirda ish doirasida tergov harakatlari davom etmoqda
Jizzaxda 13,6 kg opiy yashirilgan xufiya joy aniqlandi
Foto: DXX

Jizzax viloyatida 13 kg 653 gramm opiy moddasi aniqlanib, protsessual tartibda olib qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

Uch nafar shaxs kuzatuvga olingan

Ma’lumotga ko‘ra, tezkor kuzatuvga olingan, Toshkent shahrida yashovchi 1985-yilda tug‘ilgan va avval sudlangan shaxsning Sirdaryo tumanidagi vaqtinchalik yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Tekshiruv vaqtida u yerda 1983-yilda tug‘ilgan Tojikiston fuqarosi hamda Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1962-yilda tug‘ilgan yana bir shaxs bo‘lgani aniqlangan. So‘nggi fuqaro avval giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan.

Giyohvandlik moddasi Jizzaxdagi xufiya joyga yashirilgan

Surishtiruv davomida, DXX ma’lumotiga ko‘ra, ushbu uch shaxs Tojikistondagi narkokuryerlar tomonidan Jizzax viloyatining Yangiobod tumani hududida yashirib ketilgan giyohvandlik vositalarini olib, keyinchalik sotish va tarqatish bo‘yicha oldindan til biriktirgani aniqlangan.

Tezkor tadbir davom ettirilgach, ko‘rsatilgan xufiya joydan jami 13 kg 653 gramm opiy moddasi topilgan. Giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirilib, olib qo‘yilgan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan gumon qilinayotgan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ish doirasida tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Namanganda gaz tarmog‘ini ulab berishni va’da qilgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek