O‘zbekistonliklar uchun Isroilda yangi ish yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston fuqarolarini Isroilda ishga joylashtirish yo‘nalishlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Migratsiya agentligi rahbari Behzod Musayev Isroilning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Gideon Lustig bilan uchrashdi.
Muloqot davomida o‘zbekistonliklarni Isroilga tashkiliy ravishda ishga yuborish ko‘lamini oshirish, nomzodlarni tanlash jarayonlarini takomillashtirish va ularning xarajatlarini kamaytirish masalalari muhokama qilindi.
Isroil tomoni o‘zbekistonlik ishchilarning qurilish va parvarishlash sohalaridagi faoliyatini ijobiy baholagan.
Yangi sohalar bo‘yicha ham hamkorlik ko‘rib chiqilmoqda
Tomonlar qishloq xo‘jaligi, tibbiy yordam va texnik kasblar bo‘yicha ham O‘zbekiston fuqarolarini ishga jalb qilish imkoniyatlari mavjudligini qayd etdi.
Shuningdek, Isroil Aholi va immigratsiya boshqarmasi – PIBA rahbarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.
Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish va yangi ish yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qatar o‘zbekistonliklarni 10 yo‘nalish bo‘yicha ishga taklif qilayotgani xabar berilgandi.