Yana bir o‘zbekitonlik futbolchi Chempionlar ligasida o‘ynaydi

Ozarbayjonning «Sabah» klubi Yevropa Chempionlar ligasi saralash pley-off bosqichida dramatik g‘alabaga erishib, turnirning asosiy bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Jamoa javob uchrashuvida Isroilning «Hapoel» klubini qo‘shimcha bo‘limlarda 5:2 hisobida mag‘lub etdi.
Bakuda kechgan uchrashuvda mezbonlar dastlabki o‘yindagi 1:2 hisobidagi mag‘lubiyatni qoplash uchun maydonga tushdi. Biroq bahs «Sabah» uchun yaxshi boshlanmadi. 10-daqiqada Zlatanovich mehmonlarni oldinga olib chiqdi.
Rahmonaliyev «Sabah»ni o‘yinga qaytardi
38-daqiqada Nvachukvu hisobni tenglashtirib, mezbonlarning imkoniyatini saqlab qoldi. Ammo 61-daqiqada Mizrahi yana «Hapoel»ni oldinga olib chiqdi.
Shundan so‘ng o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi futbolchisi Umarali Rahmonaliyevning hissasi katta bo‘ldi. 74-daqiqada yarim himoyachi raqib darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni 2:2 ga yetkazdi. Bu gol «Sabah»ga yana umid bag‘ishladi.
Rahmonaliyev 82-daqiqada zaxiraga olindi. Uning goliga qaramay, «Sabah» asosiy vaqt yakuniga qadar yana bitta gol urishi kerak edi.
90+4-daqiqadagi gol o‘yinni qo‘shimcha vaqtga olib chiqdi
Mezbonlar maqsadiga asosiy vaqt tugashiga bir necha soniya qolganida erishdi. 90+4-daqiqada Mutalimov «Sabah»ning uchinchi golini urib, umumiy hisobni 4:4 ga tenglashtirdi.
Shu tariqa, ikki uchrashuv natijasiga ko‘ra g‘olibni aniqlash uchun jamoalar qo‘shimcha bo‘limlarda davom etdi.
Qo‘shimcha bo‘limlarda «Sabah» ikkita gol urdi
Ekstra-taymlarda esa mezbonlar ustunlikni to‘liq o‘z tomoniga og‘dirdi. 101-daqiqada Mbina «Sabah»ning to‘rtinchi golini kiritdi. 115-daqiqada Miskele yana bir bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, yakuniy hisobni 5:2 ko‘rinishiga keltirdi.
Natijada «Sabah» ikki uchrashuv yakuniga ko‘ra 6:4 hisobida g‘alaba qozonib, Yevropa Chempionlar ligasining asosiy bosqichiga chiqdi.
Avvalroq O‘zbekiston milliy terma jamoasi sentabr oyidagi FIFA kunlari doirasida Eron bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishi haqida xabar berilgandi.