«Paxtakor» klubining yangi egasi ma’lum bo‘ldi

«Paxtakor» futbol klubi atrofida yana katta o‘zgarish yuz bermoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev klub bilan hamkorlikni yakunlagach, «sherlar» boshqaruvi yana Toshkent shahar hokimligi tasarrufiga qaytmoqda. Bu haqda jurnalist Narzulla Saydullayev xabar berdi.
Jahongir Ortiqxo‘jayevning «Paxtakor»dagi faoliyatini yakunlashi haqidagi ma’lumot 24-avgust kuni paydo bo‘ldi. Klub xodimlariga tegishli xabar yetkazilgani haqida futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev ma’lum qilgan. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Ortiqxo‘jayevning klubdagi faoliyatini tugatishi avvaldan kutilgan, biroq qarorning aynan shu vaqtda va qisqa muddat ichida amalga oshishi kutilmagan. Hozircha tadbirkorning ketishiga sabab bo‘lgan omillar rasman ochiqlanmagan.
Endilikda esa xususiy boshqaruv elementi amalda tugab, klub yana shahar hokimligi ishtirokidagi modelga qaytmoqda. Aslida «Paxtakor»ning Toshkent shahar hokimligi bilan bog‘liqligi yangi holat emas. Hukumatning 2021-yil 30-apreldagi qaroriga ko‘ra, klub Toshkent shahar hokimligi balansiga biriktirilgan va hokimiyat uning bosh homiysi sifatida belgilangan. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, klub xarajatlarini qoplash mexanizmi mahalliy budjet daromadlarining orttirilgan qismidan mablag‘ ajratishni ham nazarda tutgan.
Bu modelning ko‘lami ham kichik emas. Hokimlikning 2023-yildagi ma’lumotlariga ko‘ra, «Paxtakor» FK MChJda 334 nafar xodim faoliyat yuritadi. Ularning qariyb 200 nafari asosiy tarkib, ayollar jamoasi, yoshlar, futzal va boshqa jamoalar sportchilari hamda murabbiylaridan iborat. Klub akademiyasida esa 300 dan ortiq yosh futbolchilar tahsil oladi. Bundan tashqari, klub balansidagi bazalar va stadionlarni saqlash, futbolchilarning safarlari, jihozlar va boshqa xarajatlar ham moliyalashtirish tizimining bir qismidir.
Masalan, 2023-yilda klub Toshkent shahar hokimligidan ish haqi, kommunal to‘lovlar va o‘yinlarni tashkil etish bilan bog‘liq ayrim xarajatlarni qoplash uchun 7 mlrd so‘m ajratishni so‘ragan. Hokimning tegishli qarori bilan mablag‘ ajratilgan.
Rahbariyatdagi o‘zgarishlar faqat Ortiqxo‘jayev bilan cheklanmagan. Bundan avval klub raisi o‘rinbosari Dilshod Karimov ham o‘z arizasiga ko‘ra iste’foga chiqqan. Ammo jurnalist Narzulla Saydullayevga ko‘ra, hokimlik «Paxtakor» boshqaruvini Karimovga topshirish niyatida.
Qayd etish joiz, «Paxtakor» yangi mavsumda Osiyo Chempionlar ligasi Elit bosqichida ishtirok etadi. Jamoa turnirdagi ilk uchrashuvini 14-sentabr kuni Saudiya Arabistonida «Al-Ahli»ga qarshi o‘tkazishi kerak.
Avvalroq Krishtianu Ronaldu o‘ynaydigan Saudiya Arabistonining «Al-Nasr» klubi 2-noyabr kuni Toshkentda «Paxtakor»ga qarshi maydonga tushishi haqida xabar berilgandi.