Qashqadaryodan noyob devoriy surat topildi

Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi «Boburtepa» arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida qadimiy bino qoldiqlari va noyob devoriy surat namunasi topildi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Devoriy suratda gullar tasvirlangan
Tadqiqotlar davomida inshoot xonalaridan birining g‘arbiy devorida gil suvoq ustiga ishlangan lola va oq gullar tasviri aniqlangan. Gullar qizil rangdagi ingichka to‘lqinsimon chiziqlar bilan uyg‘unlashtirilgan.
Keyinchalik devoriy surat oq ohakli suvoq qatlami bilan qoplangan.

Inshoot ibodatxona bo‘lgan bo‘lishi mumkin
Mutaxassislarning dastlabki xulosalariga ko‘ra, binoning mahobatli va qalin devorlari hamda unda saqlanib qolgan bezaklar inshoot milodiy IV–V asrlarda ibodatxona sifatida faoliyat yuritgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Biroq yodgorlikning aniq vazifasi hozircha to‘liq aniqlanmagan. Kelgusidagi qazishma va tadqiqotlar uning asl maqsadi, me’moriy tuzilishi hamda tarixiy ahamiyatini aniqlashtirishga yordam beradi.
Tadqiqotlarni arxeolog Sanjar Abduraximov olib bormoqda
«Boburtepa»da arxeologik tadqiqotlar Samarqand arxeologiya instituti xodimi Sanjar Abduraximov tomonidan olib borilmoqda.

Topilgan devoriy surat Qashqadaryo hududidagi qadimgi madaniyat va me’morchilik haqida qo‘shimcha ma’lumot berishi mumkin.
Avvalroq Surxondaryo viloyati hududida qariyb 4 ming yil avval ipakchilik bilan shug‘ullanilganini ko‘rsatuvchi moddiy dalillar topilgandi.