
Rossiyaning yirik avtomobil dilerlaridan biri «Rolf» Toyota bZ3X elektr krossoveri savdosini boshladi. Bu haqda GAC Toyota saytida xabar berildi.
Avtomobillar hozircha Moskva va Sankt-Peterburgdagi dilerlik markazlarida mavjud. Model narxi 4,69 mln rubldan ($54 ming) boshlanadi va ushbu summaga ikki yillik dilerlik kafolati ham kiradi.
Toyota bZ3X Xitoy bozori uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lib, GAC Toyota qo‘shma korxonasida ishlab chiqariladi. Model Xitoyda sotuvga chiqarilganidan so‘ng yuqori talab qayd etilgan: ishlab chiqaruvchi dastlabki bir soatning o‘zida 10 mingdan ortiq buyurtma tushganini ma’lum qilgan.
Bir quvvatlashda 520 km gacha yuradi
Rossiya bozoriga hozircha Toyota bZ3X’ning o‘rtacha yurish zaxirasiga ega versiyasi olib kelingan. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, krossover to‘liq quvvatlangan batareya bilan 520 km gacha masofa bosib o‘tishi mumkin.

Avtomobil 204 ot kuchiga ega elektr dvigatel bilan jihozlangan. Tortish tizimi old g‘ildiraklarga uzatiladi. Shu tariqa bZ3X asosan shahar va shaharlararo kundalik foydalanishga mo‘ljallangan elektr krossover sifatida taklif qilinmoqda.
Modelning boshqa bozorlardagi versiyalarida yurish masofasi va jihozlanish darajasi farq qilishi mumkin. Rossiyaga kelayotgan avtomobillar uchun hozircha aynan 520 km yurish zaxirasiga ega modifikatsiya tanlangan.
Salonida Yamaha audiotizimi mavjud
Rossiyada sotilayotgan Toyota bZ3X jihozlanishi ham modelning kuchli tomonlaridan biri sifatida ko‘rsatilmoqda. Krossover panoramali tom, o‘rindiqlarni isitish va shamollatish funksiyalari bilan ta’minlangan.
Shuningdek, avtomobilga Yamaha’ning 11 ta dinamikdan iborat audiotizimi o‘rnatilgan. Ushbu jihozlar bZ3X’ni nafaqat elektromobil, balki qulaylikka urg‘u berilgan oilaviy krossover sifatida ham pozitsiyalash imkonini beradi.
Talabga qarab boshqa versiyalar ham olib kelinishi mumkin
«Rolf» kompaniyasi Toyota bZ3X model qatorini kengaytirish masalasi dastlabki sotuv natijalariga bog‘liq bo‘lishini ma’lum qilgan.
Agar birinchi partiyaga talab yuqori bo‘lsa, diler kelgusida krossoverning boshqa modifikatsiyalarini ham olib kelishni rejalashtirmoqda. Hozircha qaysi versiyalar import qilinishi va ularning narxlari qanday bo‘lishi ochiqlanmagan.
Avvalroq «Kursiv» Toyota o‘zining sport modelini yangilagani haqida yozgan edi.