«Uyda yolg‘iz» filmining aktyorlaridan biri vafot etdi

Britaniyalik aktyor va qo‘shiqchi Tim Kerri 80 yoshida vafot etdi. Bu haqda TMZ xabar berdi.
Tim Kerri 1946-yil 19-aprelda Angliyaning Cheshir grafligiga qarashli Grappenhall shahrida tug‘ilgan. U faoliyatini teatr sahnasidan boshlagan. Aktyorning dastlabki katta muvaffaqiyati Londondagi roli bilan bog‘liq.
«Rokki Xorror» orqali mashhurlikka erishgan
Kerri «Hair» myuziklida Richard O’Brayen bilan tanishgan. O’Brayen keyinchalik unga «The Rocky Horror Show» myuziklida doktor Frank-n-Furter rolini taklif qilgan.
1973-yilda sahnalashtirilgan myuzikl Tim Kerrining faoliyatida muhim burilish yasagan. 1975-yilda Jim Sharman rejissyorligida uning kinoadaptatsiyasi suratga olingan va Kerri katta ekrandagi ilk muhim rolini ijro etgan.
«The Rocky Horror Picture Show» vaqt o‘tishi bilan mashhur filmga aylangan. 2005-yilda esa AQSh Kongress kutubxonasi uni Milliy filmlar reyestriga kiritgan.
Uning rollari
Tim Kerri faoliyati davomida kino, televideniye va ovoz berish loyihalarini hisobga olganda 240 dan ortiq rollar ijro etgan.
Ridli Skottning 1985-yildagi «Afsona» filmida Qorong‘ulik hukmdori, 1992-yilda suratga olingan «Uyda yolg‘iz 2: Nyu-Yorkda adashib qolish» filmida esa mehmonxona konsyerji janob Xektor rolini ijro etgan.
Insultdan keyin ham faoliyatini davom ettirgan
2012-yilda Tim Kerri og‘ir insultni boshdan kechirgan. Shundan so‘ng u nogironlar aravachasidan foydalangan.
Aktyor keyingi yillarda asosan kichik rollarda ko‘rinish bergan, shuningdek, turli animatsion loyihalarda ovoz berishda davom etgan.
2025-yilda aktyor o‘z xotiralariga bag‘ishlangan «Vagabond» nomli kitobini ham nashr ettirgan. Tim Kerri yarim asrdan ortiq davom etgan faoliyati davomida teatr, kino va televideniyeda o‘ziga xos obrazlar yaratdi. Uning doktor Frank-n-Furter va «Uyda yolg‘iz 2»dagi janob Xektor rollari aktyorni tomoshabinlar xotirasida qoldirgan eng mashhur obrazlar qatoridan joy oldi.
Avvalroq o‘zbekistonlik kinoaktyor, rejissyor va pedagog Abdumannon Ubaydullayev 86 yoshida hayotdan ko‘z yumgandi.