«Vatan tayanchi» a’zolariga OTMga kirishda 5 foiz qo‘shimcha ball beriladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Tavsiyanoma uch yil amal qiladi
«Vatan tayanchi» a’zolariga OTMga kirishda 5 foiz qo‘shimcha ball beriladi
Foto: Yoshlar ovozi

«Vatan tayanchi» otryadining ayrim a’zolari hamda «Vatanparvarlar» va «Shijoat va g‘ayrat» musobaqalari respublika bosqichi g‘oliblariga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanoma beriladi. Tavsiyanoma oliy harbiy, harbiylashtirilgan va yuridik ta’lim muassasalariga kirishda 5% qo‘shimcha ball olish imkonini beradi.

Adliya vazirligi ushbu tartibni belgilovchi idoraviy hujjatni 2026-yil 26-avgust kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjatga ko‘ra, «Vatan tayanchi» harakatida faol qatnashgan va maktab, Prezident maktabi, ijod yoki sport maktabi, ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internat, akademik litsey yoki texnikumni a’lo baholarga tamomlagan otryadning bir nafar a’zosiga tavsiyanoma beriladi.

Shuningdek, «Jasorat maktabi»ni a’lo baholarga bitirgan har bir «Vatan tayanchi» otryadining bir nafar a’zosi ham tavsiyanoma olishi mumkin.

Bundan tashqari, «Vatanparvarlar» harbiy-sport musobaqalarining respublika bosqichida birinchi o‘rinni egallagan jamoa a’zolari hamda mahalla yoshlari o‘rtasidagi «Shijoat va g‘ayrat» musobaqasining respublika bosqichi g‘oliblariga ham tavsiyanoma taqdim etiladi.

Qo‘shimcha ball

Tavsiyanomaga ega abituriyentlar oliy harbiy va harbiylashtirilgan ta’lim muassasalari, shuningdek, yuridik ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda imtiyozdan foydalanadi.

Ularga test sinovi yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga ko‘ra to‘plagan ballining 5 foizi miqdorida qo‘shimcha ball beriladi. Masalan, abituriyent 150 ball to‘plasa, mazkur imtiyoz doirasida unga yana 7,5 ball qo‘shiladi.

Tavsiyanomalar Mudofaa vazirligi huzuridagi «Vatan tayanchi» bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati tomonidan beriladi. Berilgan tavsiyanoma uch yil davomida amal qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi oliygohlarda darslar soat 08:00 da boshlanishi xabar qilingandi. Yangi tartib poytaxtdagi transport oqimini samarali tashkil etish va ertalabki hamda kechki tig‘iz vaqtlarda yo‘llarga tushadigan yuklamani kamaytirish maqsadida joriy qilinmoqda.

Shuningdek