Yevropada gaz narxi uch yillik maksimumga chiqdi

Yevropada tabiiy gaz narxi Hormuz bo‘g‘ozidagi inqiroz va Yaqin Sharqdan suyultirilgan tabiiy gaz yetkazib berishdagi cheklovlar fonida uch yildan ortiq davrdagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Financial Times’ga ko‘ra, qish sovuq kelib, ta’minotdagi muammolar davom etsa, gaz narxi 2022-yildagi energetika inqirozidan beri ilk bor bir megavatt-soat uchun 100 yevrodan oshishi mumkin.
Gaz narxi 68 yevrodan oshdi
Yevropada gaz narxi uchun asosiy ko‘rsatkich hisoblangan Niderlandiyaning TTF xabidagi fyucherslar 25-avgust kuni bir megavatt-soat uchun 68 yevrodan yuqoriga ko‘tarildi. Bu 2023-yil boshidan beri eng yuqori daraja bo‘ldi.
Keyinchalik narx biroz pasaydi. CNBC ma’lumotiga ko‘ra, 27-avgust kuni sentabr uchun fyucherslar 65,6 yevro, oktabr shartnomalari esa 65,76 yevro atrofida savdolandi.
Financial Times yozishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari Yaqin Sharqdagi mojaro sabab qish mavsumida gaz ta’minoti taqchilligiga tayyorlanmoqda.
Gaz 100 yevrodan oshishi mumkin
Morningstar katta tahlilchisi Tankred Fulopning fikricha, sovuq qish va Yaqin Sharqdan yetkazib berishdagi cheklovlar birgalikda gaz narxini bir megavatt-soat uchun 90–120 yevro oralig‘iga olib chiqishi mumkin.
Goldman Sachs tahlilchilari ham gaz fyucherslari 100 yevrodan oshishi ehtimolini istisno qilmayapti.
Ularning fikricha, yuqori narxlar Osiyodagi talabni qisqartirishi va Yevropaga qish davomida gaz omborlaridagi zaxiralarni saqlab turishga yordam berishi mumkin.
Bunday ssenariy Yaqin Sharqdan suyultirilgan tabiiy gaz eksporti faqat bosqichma-bosqich tiklanib, jarayon 2027-yilgacha cho‘zilgan taqdirda yuz berishi mumkin.
Hormuz bo‘g‘ozidagi uzilishlar bozorga bosim qilmoqda
Yaqin Sharqdagi urush boshlanishidan oldin Hormuz bo‘g‘ozi orqali jahon neft va suyultirilgan tabiiy gaz eksportining qariyb beshdan bir qismi tashilgan. Hozir ushbu yo‘nalishdagi uzilishlar energiya resurslari narxining oshishiga olib kelmoqda.
Financial Times qayd etishicha, gaz bozori neftga qaraganda kuchliroq zarar ko‘rgan. Chunki neftni tashish nisbatan osonroq, suyultirilgan gaz uchun esa maxsus va qimmat tankerlar talab qilinadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan oy davomida Hormuz bo‘g‘ozidan atigi sakkizta gaz tashuvchi tanker chiqqan. Urushgacha esa bu ko‘rsatkich kuniga o‘rtacha uchta kemani tashkil etgan.
Yevropadagi gaz zaxiralari ham kamaygan
Yaqin Sharqdan gaz yetkazib berishdagi qisqarish barcha importchilarga ta’sir qilgan bo‘lsa-da, Yevropa nisbatan zaifroq holatda qolmoqda. Bunga qit’adagi gaz omborlari urush boshlanishidan oldin ham odatdagidan kamroq to‘ldirilgani sabab bo‘lgan.
Gas Infrastructure Europe ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqidagi gaz omborlari hozir taxminan 63 foizga to‘lgan. CNBC qayd etishicha, bu yilning shu davri uchun kuzatilgan eng past ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib, so‘nggi besh yillik o‘rtacha darajadan qariyb 18% punktga past.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda $1,7 mlrdlik yangi energetika obyektlari ishga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Jami quvvatning 1 573 MVti issiqlik elektr stansiyasiga, 300 MVti quyosh, 200 MVti shamol elektr stansiyasiga, yana 350 MVti energiyani saqlash tizimlariga to‘g‘ri keladi.