AQShning Sietl shahrida 1-sentabr «O‘zbekiston Mustaqilligi kuni» sifatida nishonlanadi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Sietl meri Keti B. Uilson tomonidan imzolangan hujjat bilan
AQShning Sietl shahrida 1-sentabr «O‘zbekiston Mustaqilligi kuni» sifatida nishonlanadi
Foto: depositphotos.com

AQShning yirik texnologik va iqtisodiy markazlaridan biri bo‘lgan Sietl shahrida 1-sentabr rasman «O‘zbekiston Mustaqilligi kuni» deb belgilandi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati kotibi Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.

Tegishli proklamatsiya O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan qabul qilingan.

O‘zbekistonning taraqqiyot yo‘li e’tirof etildi

Sietl meri Keti B. Uilson tomonidan imzolangan hujjatda O‘zbekistonning 35 yil davomida mustaqil davlat sifatida bosib o‘tgan yo‘li, iqtisodiy rivojlanishi va amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlari qayd etilgan.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Proklamatsiyada O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega mamlakati hamda mintaqadagi jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlardan biri sifatida tilga olingan. Shuningdek, mamlakatning xalqaro savdo va investitsiya aloqalarini kengaytirishga intilayotgani ta’kidlangan.

Hujjatda O‘zbekistonning qadimiy Ipak yo‘li chorrahasidagi strategik geografik joylashuvi ham alohida qayd etilgan. Bu mamlakatni Markaziy Osiyodagi yirik bozorga chiqish uchun muhim hamkor sifatida ko‘rsatishi aytilgan.

Hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar

Sietl shahar ma’muriyati O‘zbekiston bilan savdo, investitsiya, logistika, texnologiyalar va energetika yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini bildirgan.

O‘zbekistonning Sietldagi Bosh konsulxonasi faoliyati ham ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlovchi muhim omil sifatida baholangan. Diplomatik vakolatxonaning ochilishi biznes, ta’lim, madaniyat va hukumatlararo aloqalarni kengaytirish uchun yangi imkoniyat yaratishi qayd etilgan.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekistonning Sietldagi bosh konsuli Axror Burxanov bu qarorni ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikning ramziy ifodasi sifatida baholagan. Uning ta’kidlashicha, Bosh konsulxona faoliyati orqali mavjud aloqalarni aniq iqtisodiy, texnologik, ta’limiy va madaniy loyihalarga aylantirish maqsad qilingan.

Bosh konsulxona rasman ochiladi

Ma’lumotlarga ko‘ra, 4-sentabr kuni Sietlda O‘zbekistonning AQSh G‘arbiy sohilidagi birinchi Bosh konsulxonasi rasmiy ochiladi. Marosim O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlanadi.

Unda Vashington shtati va Sietl shahri vakillari, diplomatlar, AQSh kompaniyalari, akademik doiralar hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Sietl — yirik texnologik markaz

Sietl AQShning Tinch okeani shimoli-g‘arbiy qismidagi eng yirik biznes va texnologiya markazlaridan biridir. Katta Sietl hududida 4,1 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Hududning 2025-yildagi yalpi hududiy mahsuloti qariyb $607 milliardni tashkil etgan.

Shaharda Amazon va Starbucks kabi yirik kompaniyalarning bosh qarorgohlari joylashgan. Microsoft, Costco Wholesale, T-Mobile va PACCAR kabi kompaniyalar ham mintaqada faoliyat yuritadi. Boeing, Google, Meta, Expedia Group va Alaska Airlines singari xalqaro kompaniyalarning ham Sietl hududida yirik bizneslari mavjud.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan bugun Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayramida qatnashishi haqida yozgandi.

Shuningdek