Ginnesga kirdi: iPhone 17 Pro 30 ming metr balandlikdan tashlandi

iPhone 17 Pro Rhinoshield AirX g‘ilofida 30 607 metr balandlikdan yerga tashlandi va sinovdan keyin ham to‘liq ishlashda davom etdi. Tajriba Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi, deya xabar berdi PR Newswire.
Sinov 2026-yil 24-iyun kuni Shvetsiyadagi Esrange Space Center kosmik poligonida o‘tkazilgan. Smartfon balandlikka aerostat yordamida ko‘tarilgan. So‘ng qurilma masofadan ajratilib, erkin tushishga yuborilgan.
Telefon 25 daqiqa davomida qulagan
iPhone 17 Pro taxminan 25 daqiqa davomida stratosferadan yerga tushgan.
Parvoz vaqtida smartfon qo‘shimcha himoya yoki isitish tizimidan foydalanmagan. Rhinoshield AirX g‘ilofi -40 dan -60 darajagacha bo‘lgan sovuq va dengiz sathidagi bosimning qariyb 1 foiziga teng juda past bosimga bardosh bergan.
iPhone ishlashda davom etgan
Qurilma GPS signali orqali topilganidan so‘ng Ginnes rekordlari vakillari videoyozuvlar, guvohlar ko‘rsatmalari va smartfon holatini tekshirgan.
Natijada iPhone 17 Pro ishlashda davom etgani aniqlangan. U yoqilgan, qo‘ng‘iroqlar qilgan va suratga olgan. Manbaga ko‘ra, smartfon korpusida ham shikastlanish kuzatilmagan.
Tajriba AirX g‘ilofini sinash uchun o‘tkazilgan
Loyiha Rhinoshield va Britaniyaning Sent Into Space aerokosmik kompaniyasi hamkorligida amalga oshirilgan. AirX g‘ilofi ko‘p qatlamli himoya tizimiga ega. Unda zarba energiyasini kamaytirishga xizmat qiluvchi havo amortizatsiyasi, elastik ichki tuzilma va bosimni chiqarish kameralaridan foydalanilgan.
Rhinoshield ma’lumotiga ko‘ra, AirX aksariyat g‘iloflardan farqli ravishda bitta turdagi materialdan tayyorlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Apple yangi iPhone’larni qachon taqdim etishi haqida ma’lumot berilgandi. Apple tadbir 9-sentabr kuni AQSh Tinch okeani vaqti bilan soat 10:00 da boshlanishini rasman tasdiqladi. Uni kompaniya sayti, Apple TV va YouTube orqali jonli tomosha qilish mumkin bo‘ladi.