Nepaldagi suv toshqinida halok bo‘lganlar orasida o‘zbekistonliklar bormi

Nepal va Xitoyning Tibet hududida yuz bergan kuchli suv toshqinlari oqibatida 1,5 mingga yaqin kishilar bedarak yo‘qolgan. Ular orasida 700 dan ortiq xorijlik fuqarolar bor. Hozircha tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lgan yoki jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari borligi haqida ma’lumot kelib tushmagan. Bu haqda O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi ma’lum qildi.
Diplomatik vakolatxona Nepal va tegishli idoralar bilan doimiy aloqada bo‘lib, vaziyatni kuzatmoqda.
Nepal va Tibetda minglab odam qidirilmoqda
Himolay hududidagi daryoga katta miqdorda loy va tosh massasining qulab tushishi kuchli suv hamda vayronalar oqimini yuzaga keltirgan. Tabiiy ofat yo‘llar, uylar va boshqa infratuzilma obyektlariga jiddiy zarar yetkazgan.
Nepalda kamida 500 ga yaqin kishilar halok bo‘lgan. Mamlakatda 900 dan ortiq kishilar, jumladan, qariyb 700 nafar xorijlik bedarak yo‘qolgan.
Bedarak yo‘qolgan xorijiy fuqarolar orasida Hindistonning 177, AQShning 63, Avstraliyaning 34, Buyuk Britaniyaning 33 va Kanadaning 25 nafar fuqarosi bor.
Tibetning Jiro‘ng hududida esa 558 kishi, jumladan, 260 nafar xorijlikning qayerdaligi noma’lum. Xitoy rasmiylari hududda uch kishi halok bo‘lganini bildirgan.
Qutqaruv ishlari davom etmoqda
Nepalda qidiruv-qutqaruv ishlariga 5 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar va politsiya xodimi jalb qilingan. Qutqaruvchilar 125 kishini, jumladan, 20 nafar xorijlikni topib, xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan.
Jabrlangan hududlarga chodirlar, oziq-ovqat va boshqa zarur vositalar yetkazilmoqda. Biroq yangi suv va loy ko‘chkilari xavfi hamda kutilayotgan yomg‘irlar qutqaruv ishlarini qiyinlashtirmoqda.
Bedarak yo‘qolganlar orasida Hindular va buddistlar uchun muqaddas sanaladigan Kaylas tog‘i va Manasarovar ko‘liga borayotgan ziyoratchilar ham bor.
O‘zbekistonning Dehlidagi elchixonasi vaziyatni kuzatishda davom etib, zarur ma’lumotlar kelib tushishi bilan qo‘shimcha axborot berishi mumkin.
Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyning Tibet avtonom rayonida va Nepalning Tibet bilan chegarasida yuz bergan tabiiy ofatlar oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan ikki davlat rahbariga hamdardlik bildirgandi.