
EA Sports kompaniyasi 25-sentabr kuni sotuvga chiqadigan EA Sports FC 27 futbol simulyatoridagi futbolchilarning yangi reytinglarini e’lon qildi. Zarba berish ko‘rsatkichi bo‘yicha eng yuqori bahoni Harri Keyn oldi. Krishtianu Ronaldu esa ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha Lionel Messidan yuqori o‘rinni egalladi.
O‘yin muqovasidan Kilian Mbappe joy olganiga qaramay, fransiyalik futbolchi zarba berish reytingida birinchi o‘ringa chiqa olmadi. U bu ko‘rsatkich bo‘yicha uchinchi pog‘onani egalladi.
Harri Keyn reyting yetakchisi bo‘ldi
EA Sports FC 27’da zarba berish ko‘rsatkichi bo‘yicha Harri Keyn 94 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Futbolchining umumiy reytingi esa 90 ballni tashkil etdi.
Ikkinchi o‘rin Erling Holandga nasib etdi. Uning umumiy reytingi 91, zarba berish ko‘rsatkichi esa 92 ball etib belgilandi.
Kilian Mbappe umumiy reyting bo‘yicha Holand bilan teng – 91 ball oldi. Biroq uning zarba berish ko‘rsatkichi 91 ballni tashkil etib, ro‘yxatda uchinchi bo‘ldi.
Keyingi o‘rinlarda Usmon Dembele 89 ball, Lautaro Martines va Krishtianu Ronaldu esa 88 balldan natija qayd etdi.
Ronaldu Messidan yuqori baholandi
EA Sports FC 27’da Krishtianu Ronaldu umumiy reyting bo‘yicha 84 ball oldi. Uning zarba berish ko‘rsatkichi esa 88 ballga teng bo‘ldi va portugaliyalik futbolchiga oltinchi o‘rinni taqdim etdi.
Lionel Messi esa zarba berish bo‘yicha 87 ball bilan yettinchi pog‘onadan joy oldi. Argentinalik futbolchining umumiy reytingi 89 ballni tashkil etdi.
Shu tariqa Ronaldu umumiy reyting bo‘yicha Messidan pastroq baholangan bo‘lsa-da, aynan darvozaga zarba berish ko‘rsatkichi bo‘yicha undan bir ball yuqori natija qayd etdi.
Messi 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi muvaffaqiyatli ishtirokidan keyin EA Sports FC 27’da ham yuqori umumiy reytingini saqlab qoldi.
EA Sports FC 27’dagi eng yaxshi zarba beruvchilar
Zarba berish reytingining kuchli o‘ntaligi quyidagicha shakllandi:
- Harri Keyn — umumiy reyting 90, zarba 94
- Erling Holand — umumiy reyting 91, zarba 92
- Kilian Mbappe — umumiy reyting 91, zarba 91
- Usmon Dembele — umumiy reyting 90, zarba 89
- Lautaro Martines — umumiy reyting 87, zarba 88
- Krishtianu Ronaldu — umumiy reyting 84, zarba 88
- Lionel Messi — umumiy reyting 89, zarba 87
- Aleksander Isak — umumiy reyting 86, zarba 87
- Viktor Gyokeresh — umumiy reyting 86, zarba 87
- Jud Bellingem — umumiy reyting 90, zarba 86
Mbappe va Holand umumiy reytingda yetakchi
EA Sports taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, EA Sports FC 27’da umumiy reytingi 90 balldan yuqori bo‘lgan atigi ikki futbolchi bor. Bular Kilian Mbappe va Erling Holand bo‘lib, har ikkisi 91 balldan baholangan.
Shu bilan birga, Harri Keyn, Usmon Dembele va Jud Bellingemning umumiy reytingi 90 ballni tashkil etdi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abduqodir Husanovning boyligi haqida yozgan edi.