Rossiya kompaniyasi O‘zbekistonda ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarishi mumkin

Rossiyaning «Sibereko» kompaniyasi O‘zbekistonga ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish va kelgusida ularni mamlakat hududida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni rejalashtirmoqda. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsuli Aslam Akbarov «Sibereko» MChJ bosh direktori Andrey Mandrik bilan uchrashdi.
Muloqot davomida kompaniyaning O‘zbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalari muhokama qilindi.
Mahsulot ishlab chiqarish O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yilishi mumkin
Andrey Mandrik kompaniya O‘zbekistonga ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.
Kelgusida esa «Sibereko» ishlab chiqarish quvvatlarini O‘zbekiston hududida mahalliylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqchi.
Kompaniya, shuningdek, O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish va o‘z mahsulotlarini faol targ‘ib qilishni rejalashtirmoqda.
O‘zbekiston kompaniyasi bilan hamkorlik boshlangan
Rossiya tomoni ma’lumotiga ko‘ra, «Sibereko» Bosh konsulxona ko‘magida O‘zbekistonning «FBFA Textil Lts» kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Mazkur hamkorlik doirasida kosmetika mahsulotlarini yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
«Sibereko» Sibir hududida o‘sadigan yovvoyi o‘simliklardan ekologik toza oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradi. Mahsulotlarga sun’iy konservantlar, bo‘yoqlar va xushbo‘ylashtiruvchi qo‘shimchalar qo‘shilmasligi ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq rossiyalik shaxmatchilarning Samarqandga kelishi taqiqlangani xabar qilingandi. Musobaqa 15 – 27-sentabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadi. 7-avgust kuni turnir tashkilotchilari ishtirokchilar ro‘yxatini e’lon qilgan, unda Rossiya vakillari bo‘lmagan.
FIDE prezidenti lavozimidagi vakolatlarini vaqtincha to‘xtatgan Arkadiy Dvorkovich masala tashkilot kengashida ko‘rib chiqilishini aytgandi. U o‘zi qarorlar qabul qilish jarayonida endi ishtirok etmasligini bildirgan.