Toshkentdagi Fonon zargarlik zavodi xususiylashtiriladi

eʼlon qilindi
28-sentabr kuni
Toshkentdagi Fonon zargarlik zavodi xususiylashtiriladi
Foto: e-auksion

Toshkentdagi Fonon zargarlik zavodining 100 foiz davlat ulushi ochiq auksionga chiqarildi. Korxonaning boshlang‘ich narxi 316,67 mlrd so‘m etib belgilangan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Gold Moon Tashkent kompaniyasidagi davlat ulushining 100 foizini sotuvga qo‘ydi. Kompaniya 2019-yil avgust oyida tashkil etilgan bo‘lib, zargarlik buyumlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning tarkibiga Toshkentdagi Fonon zavodi kiradi.

Korxona haqida

Zavod poytaxtning Chilonzor tumanida, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti kampusi qarshisida va Farhod bozori yaqinida joylashgan.

Korxonada o‘rtacha 459 nafar xodim ishlaydi. 2026-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, Fononning foydasi 33,39 mlrd so‘mni tashkil etgan. Biroq korxona 2025-yilni 7,8 mlrd so‘m zarar bilan yakunlagan.

Gold Moon Tashkentning ustav kapitali 444,51 mlrd so‘m, aylanma aktivlari esa 331,82 mlrd so‘mga teng. Kompaniyaning 305,9 mlrd so‘m qarzi mavjud, boshqa tomonlarning kompaniyaga qarzi esa 13,2 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Zavod ikki qavatli, umumiy maydoni 11 370 kvadrat metr bo‘lgan binoda joylashgan. Korxonaga tegishli yer maydoni 2,56 gektar. Balansdagi asosiy fondlar qiymati 110,75 mlrd so‘m bo‘lib, ularning eskirish darajasi 33,17 foizni tashkil qiladi.

Auksion qachon

Auksion 28-sentabr kuni soat 10:00 da o‘tkaziladi. Boshlang‘ich narx 316,67 mlrd so‘m.

Korxona 2023-yil mart oyida tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi doirasida sotilmoqda. Qonunchilikka ko‘ra, xaridor uchun to‘lovni 36 oyga – uch yilga bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda xususiylashtirishdan tushum 77,6 trln so‘mga yetgani haqida yozgandi.

Shuningdek